26/08/2024

        Ro'yxatga olishning an'anaviy ta'rifi uning asosiy tamoyillari, ro'yxatga olishning shaxsiyligi, bir vaqtdaliligi, ko'p tomonlamaligi va belgilangan davriyligiga asoslanadi. Biroq so'nggi 20 yil ichida EIK mintaqasida ro'yxatga olish konsepsiyasiga yanada kengroq yondashishni nazarda tutadigan yangi usullar ishlab chiqildi. Ba'zi mamlakatlarda barcha shaxslar o'rtasida so'rov o'tkazishga asoslangan an'anaviy usul ma'muriy registr ma'lumotlaridan foydalanish usuliga o'z o'rnini bo'shatib bermoqda. Shuningdek, shaxslar va ularning xususiyatlarini ommaviy ro'yxatga olishdan tashqari, aholi va eng kichik hududiy birliklar bo'yicha muhim ma'lumotlarni tez-tez olib turish mumkin. Shu sababli hozirgi vaqtda EIK mintaqasi mamlakatlari uchun aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish umumiy ta'rifi ishlatilgan metodologiyaga qaraganda, olingan materiallarga ko'proq tayaniladi.

        Aholini ro'yxatga olish muntazam vaqt oralig'ida mamlakat hududida va uning eng kichik geografik birliklarida yashovchi aholining rasmiy hisobini, shuningdek, butun aholining bir qator ijtimoiy va demografik xususiyatlarini aniqlash bo'yicha ma'lumot olishni amalga oshirishga imkon beruvchi tadbirdir. Mazkur tadbir ma'lumotlarni to'plash, shaxslar haqidagi ma'lumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish, shuningdek, demografik, ijtimoiy ma'lumotlarni tahlil qilish va baholash, tarqatish, aniqligiga baho berish jarayonlarini o'z ichiga oladi.

Mazkur jarayon, eng birinchi navbatda, ijtimoiy muammolarni tizimli hal qilish bo'yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga imkon berishi bilan ahamiyatlidir. 

        Aholini ro'yxatga olish - O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o'tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi, shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish va ularga ishlov berish hamda yakuniy ma'lumotlarni tarqatish va foydalanishning davriy jarayoni hisoblanadi.

Aholini ro'yxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, demografik ko'rsatkichlarni hisoblash va prognozlash, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanishni o'rganish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun aholi to'g'risida ishonchli

va xolis axborotlarni olish hisoblanadi.

      Aholini ro'yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- aholining sog'lig'ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida, aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o'zgarishlarni baholashga doir ma'lumotlar bazasini kengaytirish;

- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o'rta va qisqa muddatli prognozlari va dasturlarini tayyorlash;

- aholini ro'yxatga olish davri oralig'idagi aholi soni

va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

       Aholini ro'yxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi bo'lib, 2-3 yilga yaqin vaqt davom etadi.

Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro'yxatga olishda faol ishtirok etish bo'yicha aholi o'rtasida targ'ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

       Yana bir muhim vazifalardan biri bu - shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini va ma'muriy tumanlar xaritalarini tayyorlash hamda aholi punktlaridagi uylarning ro'yxatini tuzish hisoblanadi. Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, ko'chalarda nom belgilarining o'rnatilganligi, turar

va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.

       Tayyorgarlik bosqichida aholini ro'yxatga olish bilan bog'liq hujjatlar, jumladan, ro'yxatga olish varaqalari, ro'yxatga olishni tashkil etish va o'tkazish, uning natijalarini olish va e'lon qilish metodologiyasi ishlab chiqiladi.

      Shuningdek, ro'yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma'lumotlarning to'g'riligiga bevosita ayni ular mas'ul bo'ladi va shakllantirilgan ma'lumotlar real bo'lishi shart. Bu jarayonga har xil yoshda va kasbda bo'lgan shaxslar jalb etilishi mumkin. Birinchi navbatda, Davlat statistika qo'mitasi va uning hududiy organlari xodimlari, oliy ta'lim muassasalari o'qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari o'qituvchilari, shuningdek, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular mazkur jarayonda ishtirok etishga rozi bo'lgan taqdirda, jalb qilinishi mumkin.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech