Joroy yilning 18-dekabr kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida joriy yilning 9–13-dekabr kunlari Tailandning Bangkok shahrida boʻlib oʻtgan BMT Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Statistika qoʻmitasining 9-sessiyasi va Osiyo-Tinch okeani Statistika instituti Boshqaruv kengashining 20-sessiyasi natijalari yuzasidan taqdimot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Noipov, Raqamli texnologiyalar va interaktiv xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Odilov hamda Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultanov so‘zga chiqib, sessiya davomida olingan yangi tajribalar va muhim natijalar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston ikkinchi muddatga ESKATO Statistika qo‘mitasi byurosi tarkibiga saylangani, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan statistika sohasidagi islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar (Big Data) texnologiyalaridan foydalanish masalalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgani haqida so‘z yuritildi.
Tashrif davomida ESKATO Statistika bo‘limi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazilib, hamkorlik loyihalarining samaradorligi va kelgusidagi rejalar muhokama qilingani, qolaversa, Singapur, Tailand va Indoneziya Milliy statistika idoralari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida statistik ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, Ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish, shuningdek, respondentlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyati qayd etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berilib, fikr almashildi.