Joriy yilning 18-sentabr kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-190-son Farmonida belgilangan “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirini samarali tashkil etish va hududda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Seminarda Buxoro viloyati statistika boshqarmasi boshlig'i o‘rinbosari I. Islomov, shuningdek, Buxoro shahar hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i U. Zadayev hamda hokim yordamchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Biznesni ro‘yxatga olish”ning maqsad va vazifalari, uni belgilangan muddatlarda va sifatli tashkil etishning muhim jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, hududdagi biznes faoliyati bilan shug‘ullanuvchi respondentlarni aniqlash va to‘liq qamrab olish, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq shakllantirish hamda ro‘yxatga olish jarayonlarini belgilangan tartib asosida olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek hokim yordamchilari savolnomalarni to‘ldirish orqali ro‘yxatga olish jarayonining asosiy bosqichlarini amaliy jihatdan o‘zlashtirdilar.
Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, hududda tadbirni tashkil etish bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur o‘quv-amaliy seminar Buxoro shahrida “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirini tizimli, uyushqoqlik bilan va yuqori sifat darajasida tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.














