04/09/2023

Xalqqa tibbiyotni yaqinlashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va davolash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, shu yil mart oyida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida 135 o‘rinli yangi terapiya majmuasi ish boshladi. Yangi terapiya majmuasini qurib, ishga tushirish uchun 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.Shundan 10 milliard so‘miga tibbiy jihozlar xarid qilindi. Hozir majmuaga 1 va 2-shoshilinch terapiya, pediatriya, bolalar reanimatsiyasi, kombustiologiya, toksikologiya, kardioreanimatsiya bo‘limlari joylashtirilmoqda. Bugunga kelib muassasaga kuniga o‘rtacha 300 nafargacha bemor murojaat qilmoqda. Ulardan 100 dan oshig‘i gospitalizatsiya qilinib, o‘rtacha 30 nafarida jarrohlik operatsiyalari bajarilmoqda.

Filialda muvaffaqiyatli ishlar amalga oshirilib, chet el klinikalarida iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qiynalgan holda katta mablag‘ evaziga davolanib kelishga majbur bo‘lgan ko‘plab bemorlarda murakkab texnologiyali operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Ilk marta bo‘yrak transplantatsiyasi, tug‘ma miya churrasi anomaliyasi xastaligiga chalingan bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 2022-2023 yilda kardioxirurgiya va angiografiya xizmati joriy etildi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirilishi uchun filialga sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga sun’iy qon-aylanish apparati (AIK), viloyat hokimligi tomonidan 1,5 milliard so‘mdan ortiq sarmoyaga tibbiy asbob-uskuna va anjomlar olib berilgan.

Bundan tashqari, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 3 milliard so‘mga zamon talablariga mos angioxirurgiya binosi qad ko‘tarmoqda. Filialda tajribali yurak-qon tomir jarrohi Mustafo Obeyd boshchiligidagi bir guruh yetakchi mutaxassislar ishtirokida ochiq yurakda aorta-koronar shuntlash, mitral va aortal klapanlarni almashtirish operatsiyalari amalga oshirildi. Qisqa muddatda shunga o‘xshash 30 dan ortiq operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi. Viloyatda ilk bor murakkab aritmologik jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilishi tashkillashtirildi. 64 yoshli og‘ir yurak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelayotgan bemorga 3 kamerali maxsus kardiostimulyator o‘rnatilgani sohadagi katta yutuqlardandir. Bu kabi murakkab yuqori texnologiyali operativ amaliyotlar viloyatda intensiv davom ettirilmoqda.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech