O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlaydi, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshiradi, aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazadi, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqadi, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etadi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining ishchi organidir, vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
ro‘yxatga olish hujjatlari shakllarini, ro‘yxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Aholini ro‘yxatga olish dasturini va ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini ishlab chiqadi;
ro‘yxatga olish varaqlari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitish tartibini, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibini belgilaydi va ularga ishlov berishni amalga oshiradi;
ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarining saqlanishi (shu jumladan vaqtincha saqlanishi), yo‘q qilinishi tartibini belgilaydi;
ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini saqlash va yo‘q qilishni ta’minlaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarni tuzadi;
ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olgan holda aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda ushbu punktlarning to‘liq ro‘yxati tuzilishini ta’minlaydi;
ma’muriy-hududiy birliklarda ko‘chalarning nomlari, uylar va xonadonlarning raqamlari ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar bo‘lishini ta’minlaydi;
jalb etilgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar tarkibini tasdiqlaydi;
ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitishni tashkil etadi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish doirasidagi ishlarni bajarishga jalb etiladigan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli mebel hamda aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik xonalar, shuningdek zarur transport vositalari berilishini ta’minlaydi;
ro‘yxatga olish varaqlarini va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini vaqtincha saqlash uchun qo‘riqlanadigan xonalar ajratish yuzasidan choralar ko‘radi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etadi.