06/08/2026

Joriy yilning 5-avgust kuni Buxoro viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari L.Mirsoatov ishtirokida kengaytirilgan xizmat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida boshqarma tomonidan joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot tinglandi. Shuningdek, statistika organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, rasmiy statistika ma’lumotlarining sifati va ishonchliligini ta’minlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda respondentlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari yig‘ilish davomida boshqarma faoliyatini tahlil qilib, hududda olib borilayotgan statistik kuzatuvlar, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonlari, ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash, ochiq statistik ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, boshqarma xodimlarining ish unumdorligini yanada oshirish, har bir yo‘nalishda aniq natijadorlikka erishish, mas’uliyatni kuchaytirish, tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoada sog‘lom ish muhitini shakllantirish yuzasidan qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi. Xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, malaka oshirish kurslarida faol ishtirok etishi va zamonaviy statistik usullarni amaliyotga tatbiq etish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Yig‘ilishda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini aks ettiruvchi asosiy statistik ko‘rsatkichlar ham batafsil tahlil qilindi. Jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmatlar sohasi, tashqi savdo hamda boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud holat ko‘rib chiqildi. Tahlillar asosida ayrim yo‘nalishlarda mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida tizimda amalga oshirilayotgan kadrlar siyosati doirasida Buxoro viloyati statistika boshqarmasi rahbariyati tarkibidagi o‘zgarishlar e’lon qilindi. Xususan, boshqarma boshlig'i o'rinbosari lavozimida o'z mehnat faoliyatini yuritayotgan Sh.Yusupov boshqarma boshlig'i lavozimiga tayinlandi. Boshqarma rahbari hamda uning o‘rinbosarlari lavozimlariga yangi tayinlovlar amalga oshirilgani ma’lum qilinib, ularga kelgusidagi faoliyatida mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan bajarish, jamoa bilan hamjihatlikda ishlash va statistika tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, uzoq yillar davomida statistika tizimi ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan sobiq rahbarlar va rahbar o‘rinbosarlarining fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi. Ularning tizim rivoji, statistik ma’lumotlar sifatini oshirish hamda jamoani samarali boshqarish yo‘lidagi xizmatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirilib, kelgusidagi faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyat va sihat-salomatlik tilandi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, statistika organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda aholiga ishonchli va tezkor statistik axborotlarni taqdim etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Ta’kidlanganidek, tizimni izchil takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda rasmiy statistika sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech