23/12/2024

      Mamlakat fuqarolari to'g'risidagi ma'lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma'lumotlar ma'lum vaqt oralig'ida aholini ro'yxatga olish tadbirlari orqali to'planadi. Ular nafaqat respublika, balki yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

      BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko'rsatkichlarning demografik ko'rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o'sib borishini ta'minlash uchun har o'n yilda kamida bir marotaba aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so'ng keng ko'lamda aholini ro'yxatga olish tadbiri o'tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o'tkazilishi ko'zda tutilgan aholini ro'yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda.

       Aholini muntazam ro'yxatga olish tarixi 1790 yilga borib taqaladi. O'shanda AQShda, 1801 yilda esa bir vaqtning o'zida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar o'tkazilgan. Biroq ular hali mukammal bo'lmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bog'liq bo'lmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.1846 yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada o'tkazilgan ro'yxatga olish  birinchi chinakam ilmiy ro'yxatga olish deya e'tirof etiladi. Uning o'ziga xosligi shundaki, ro'yxatga olish muddati bir kunlik bo'lib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur ro'yxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning ko'plab davlatlari foydalangan. 1870-1879 yillarda dunyo bo'yicha atigi 48 ta davlatda aholini ro'yxatga olish o'tkazilgan bo'lsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar o'z aholisini ro'yxatga olishga kirishdi.

      Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o'z aholisini ro'yxatga olishga da'vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini ro'yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o'tkaziladi. Xo'sh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli o'zgarishlar ro'y beradi. Avvalgi ro'yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so'rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma'lumotlarni to'plash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o'zgartirishlar kiritish talab etiladi.

      Aholini ro'yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o'zi uchun zarur bo'lib, u vaqti-vaqti bilan o'z-o'zini ko'zguda ko'rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro'yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o'zi haqidagi ma'lumotlarni taqdim eta turib, o'zlari mansub bo'lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi. Misol uchun, ishsizlarning so'rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o'rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o'rinlari yaratish imkonini bersa,  bolalar soni to'g'risidagi ma'lumotlar maktab, maktabgacha ta'lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo'l keladi. Yosh haqidagi ma'lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to'lovlari uchun zarur bo'ladigan mablag'larni jamg'arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta'lim, umumta'lim maktablari yoki oliy ta'limga qabul qilinadigan yoshlar to'g'risidagi ma'lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo'llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta'minlashni rejalashtirish uchun zarur.

      Ro'yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi ma'lumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag'batlantirishga yo'l ochadi. Biznes vakillari ro'yxatga olish ma'lumotlari orqali mehnat hamda iste'mol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, aholi to'g'risida to'planadigan ma'lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O'zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo'lib xizmat qiladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech