Joriy yilning 15–18- oktabr kunlari Indoneziyaning Bali shahrida “Transchegaraviy elektron tijorat va raqamli savdo statistikasi” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir BMTning Statistika bo‘limi (UNSD), BMT Savdo va rivojlanish tashkiloti (UNCTAD) hamda Indoneziya markaziy banki hamkorligida tashkil etildi. Seminarda 30 dan ortiq mamlakatlarning milliy statistika idoralari va markaziy banklari vakillari, shuningdek, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etishdi. Kosta-Riko, Hindiston va Kanada statistika institutlari vakillari esa tadbirga onlayn tarzda ulanib qatnashdi.
Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Botir Irgashev Samarovich ishtirok etdi.
Tadbir davomida xalqaro savdoning zamonaviy tendensiyalari, xizmatlar eksport-importini o‘lchash va raqamli savdo statistikasi bo‘yicha dolzarb masalalar keng muhokama qilindi. Elektron tijorat va raqamli savdo tushunchalari o‘rtasidagi farqlar, ma’lumotlarni yig‘ish usullari hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
Seminar ishtirokchilarining asosiy e’tibori xalqaro savdoning kontseptual asoslarini chuqur o‘rganish va to‘lov balansi hamda xizmatlar savdosi statistikasi sohasida malakani oshirishga qaratildi. Tadbir doirasida fikr almashinib, kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Mazkur seminar O‘zbekiston uchun raqamli savdo statistikasi bo‘yicha xalqaro standartlarga mos uslubiyatni takomillashtirish hamda ma’lumotlarni yig‘ishda yangi yondashuvlarni joriy etishga katta hissa qo‘shadi.