Malayziya davlatining qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish boʻyicha tajribasini oʻrganish maqsadida, 2024-yilning 24-26- sentabr kunlari ushbu mamlakatning Putrajaya, Seremban va Malakka shaharlarida oʻquv-tanishuv safari tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Ikramov Agzam Anvardjonovich hamda masʼul xodimlar ishtirok etishdi.
Safar davomida Malayziyada qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni hamda unga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Jumladan, Malayziya qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tarixi, mazkur yilda roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayonlari, qamrab olingan subyektlar, foydalanilgan GIS texnologiyalari, soʻrovnomalar hamda ulardagi koʻrsatkichlar tizimi, MyAgriCensus axborot tizimi, foydalanilgan maʼmuriy maʼlumotlar, sifatni nazorat qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Malayziya statistika idorasining masʼul xodimlari tomonidan maʼlumotlar berildi.
Shu bilan birga, safar davomida roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida, Seremban va Malakka shaharlariga tashrif buyurgan holda, baliqchilik xoʻjaliklari bilan bevosita oʻtkazilayotgan soʻrov jarayonlarida qatnashib, bu boradagi tajribalar oʻrganildi.