21/09/2023

 

  1. Xalqaro tavsiyalarga koʻra, aholini roʻyxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:
  2. Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning qatʻiy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli oʻtkazishning asosiy shartlaridan biridir.
  3. Aholini roʻyxatga olishning muntazamligi.BMT tavsiyalariga koʻra, aholini roʻyxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba oʻtkazilishi belgilangan.
  4. Aholini roʻyxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan oʻtkazilishi.Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun koʻp miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
  5. Aholini roʻyxatga olishni aniq bir muddatda oʻtkazish.Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini roʻyxatga olish bir necha kun davomida oʻtkazilsa ham, maʻlumotlar aniq bir vaqtda – koʻpincha aholini roʻyxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati boʻyicha qayd etiladi. Bu aholini roʻyxatga olishning nozik vaqti,deb ham ataladi.

Masalan, chaqaloq aholini roʻyxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tugʻilgan boʻlsa, u aholi roʻyxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot boʻlib, shundan keyin, yaʻni aholini roʻyxatga olish davrida vafot etsa, u aholi roʻyxatiga kiritiladi.

  1. Aholini roʻyxatga olishning belgilab qoʻyilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qatʻiy rioya qilgan holda oʻtkazish.Aholini roʻyxatga olish dasturi – roʻyxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar roʻyxatini, maʻlumotlarni qayd etish, toʻplash, qayta ishlash, yakuniy maʻlumotlarni eʻlon qilish tartiblarini oʻz ichiga oladi.
  2. Aholining toʻliq qamrab olinishi.Aholini roʻyxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta roʻyxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining roʻyxatdan joy olinishini taʻminlash asosiy vazifa hisoblanadi.
  3. Maʻlumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi.Aholini roʻyxatga olishda individual asosda har bir shaxs toʻgʻrisidagi yakka maʻlumotlar toʻplanadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan maʻlumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini roʻyxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
  4. Shaxs toʻgʻrisidagi maʻlumotlar soʻralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qoʻyilgan.

Masalan, Buyuk Britaniyada 1920-yilda Qoʻshma Qirollikda aholini roʻyxatga olish qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini roʻyxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xoʻjaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari roʻyxatga olinishi, aholini roʻyxatga olishni kim oʻtkazishi, soʻrov varaqalari qanday boʻlishi kerakligi belgilab qoʻyilgan. Bundan tashqari, aholini roʻyxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda aholini roʻyxatga olish qoidalari koʻrsatilgan.

Buyuk Britaniyada har galgi aholini roʻyxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920-yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Bu qonunda aholini roʻyxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, aholini roʻyxatga olish muddati va buning uchun ajratiladigan mablagʻ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini roʻyxatga olish har oʻn yilda, odatda, aprel oyida oʻtkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi oʻrtasida ommaviy tadbirlarning oʻtkazilishi uchun ob-havo qulay boʻlishi bilan izohlanadi.

Mamlakatda aholini roʻyxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qatʻiy talablar qoʻyiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtishlari shart. Bu xodimlar roʻyxatga olish boshlanishidan uch kun avval oʻz hududlaridagi aholini soʻrov varaqasini toʻldirish bilan tanishtirib chiqishlari talab qilinadi.

AQShda 1790-yildan buyon, har 10 yilda aholini roʻyxatga olish oʻtkazib kelinadi. Aholini roʻyxatga olish mamlakatning koʻp asrlik qonunchilik asosiga tayanadi.

XVIII asrda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasining 1-moddasida “Vakillar palatasidagi joylar va toʻgʻridan-toʻgʻri soliqlar Ittifoqqa kiruvchi shtatlar boʻyicha ularning aholisi soni asosida taqsimlanadi... Aholining amaldagi soni Qoʻshma Shtatlar Kongressi birinchi majlisidan keyin uch yil mobaynida, keyin har oʻn yilda muntazam hisoblab chiqiladi”, deb qayd etilgan.

Anʻanaga koʻra, AQShda aholini roʻyxatga olishga muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi, unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.

Polshada aholini roʻyxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor – 1764-yilda oʻtkazilgan.

Hozirgi paytda mamlakatda aholini roʻyxatga olish xalqaro meʻyorlar asosida oʻtkaziladi. Har 10 yilda oʻtkaziladigan bu tadbirda aholi anʻanaviy: yoshi, jinsi, maʻlumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turarjoyi va uning maishiy asboblar bilan jihozlanishi kabi savollarga javob berishi kerak boʻladi. Ammo uy xoʻjaligi aʻzolari va turar joy toʻgʻrisidagi savollar batafsil – savollarning 34 guruhidan iboratdir.

Polshaning 1999-yildagi Aholi roʻyxati toʻgʻrisidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari roʻyxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki soʻrovnoma varagʻini oʻzi toʻldirishi mumkin. Lekin, aholini roʻyxatga olish tartib-qoidalaridan batafsil tanish boʻlmagan fuqarolar uchun bu oson boʻlmagan, sababi aholi roʻyxatini oʻtkazish yoʻriqnomasi 200 varaqdan iborat boʻlgan.

Ularning Qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi soʻrovnoma savollariga toʻla va haqqoniy javob berishi shart. Maʻlumot berishdan bosh tortish uchun jarima toʻlanadi, yolgʻon maʻlumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkinligi belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekistonda 2020- yilning 16- martida Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonuni  qabul qilingan.

Mazkur Qonunning maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Yaʻni aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning maqsadi, tartibi, davri va muddatlarini aniqlash; zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish va tashkil etish; aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishda ishtirok etuvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining vazifalari, funksiyalari va javobgarligini belgilash; jismoniy va yuridik shaxslarni ushbu jarayonlarga qatnashishi uchun aniq mexanizmlar va ularning mehnatiga haq toʻlash manbalarini belgilash; yakuniy natijalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni keltirib oʻtish tartiblari inobatga olingan.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech