02/08/2023

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axbrot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.

Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoki homiylari tomonidan ma’lum qilinadi.

Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro'yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro'yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o'tab bo'lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob'ektlarni qurish va ta'mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. Maqsad aniq, rejalar qat'iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Kontseptsiya asosida O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasining “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so'ng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi. Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo'lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro'yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya'ni aholini ro'yxatga olish o'n yilda kamida bir marta o'tkazilishi hamda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish to'g'risidagi qaror, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo'yilgan. Yana bir muhim printsiplardan biri, bu shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi bo'lib, bunda aholini ro'yxatga olish jarayonida yig'ilgan shaxsga doir ma'lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qat'iy belgilab qo'yilgan. Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya'ni respondentlar – aholini ro'yxatga olish sanasida O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro'yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o'tilgan. Shuningdek, Qonunda, aholini ro'yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro'yxatga olishni o'tkazishga ko'maklashish bo'yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro'yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro'yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro'yxatga olishni o'tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta'minlash asoslari belgilab berilgan. Ayni paytda Davlat statistika qo'mitasi tomonidan “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro'yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo'yicha axborot-targ'ibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Shuningdek, aholini ro'yxatga olish jarayoni bilan bog'liq bo'lgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech