13/06/2023

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida:

bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da;

ijtimoiy muassasalarda;

diniy muassasalarda;

shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida;

zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida; qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yig‘ma statistik axborot aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridir.

Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanishda mulkiy va ma’naviy zarar yetkazishga, fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech