Mamlakatimizda ilk bor o'tkazilishi belgilangan aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari dunyo mamlakatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning ham diqqat markazida bo'lib kelyapti. Mazkur masala bo'yicha BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Aholishunoslik jamg'armasi, MDH Davlatlararo Statistika qo'mitasi kabi bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinmoqda.
Aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rishning eng muhim bosqichlaridan biri, bu — shahar va qishloq aholi punktlarining joyiga chiqib o'rganish va aholi soniga aniqlik kiritgan holda, xonadonlar ro'yxatini yangilash hisoblanadi. Bu ishlar uchun uy-joylar ro'yxatini tuzuvchilar (registratorlar) fuqarolik huquqiy shakldagi shartnoma asosida vaqtincha ishga jalb etiladi. Shu maqsadda sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish o'tkazilishi belgilangan hududlarda hududiy komissiyalar bilan hamkorlikda jami 175 nafar ro'yxat tuzuvchi joylardagi statistika, kadastr, uy-joy kommunal xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar hamda mahalla organlari xodimlari orasidan tanlab olinib, joriy yilning 28-30- aprel kunlari maxsus dastur asosida o'qitildi va tanlanma ravishda mahallalarga chiqqan holda amaliy ko'nikmalari oshirildi.
O'qitish jarayonlarida BMT Aholishunoslik jamg'armasi (YUNPFA)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari ishtirok etib, registratorlarga uy-joylar ro'yxatini tuzish jarayonlarida e'tibor berilishi lozim bo'lgan muhim masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berdi.
Ular joriy yilning may oyi davomida faoliyat yuritib, o'zlariga biriktirilgan uchastkadagi uy-joylar va ularda yashovchi aholi sonini haqiqiy holat bilan birma-bir solishtirib chiqdi. Yig'ilgan ma'lumotlar sinov tariqasida aholini ro'yxatga olishning tashkiliy rejasini tuzishda axborot manbai bo'lib xizmat qiladi. Ya'ni ular asosida sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish tadbiri uchun zarur bo'ladigan aholini ro'yxatga olish, instruktorlik va hisob uchastkalar hamda ularga jalb etiladigan xodimlar soni shakllantiriladi. Shuningdek, tadbirni tashkil etish uchun zarur bo'ladigan jihozlar va tovar moddiy boyliklar miqdoriga ham aniqlik kiritiladi. Bu esa, o'z navbatida, byudjet mablag'laridan oqilona foydalanish imkonini beradi.
Matbuot xizmati