Joriy yilning 25-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan hamda kelgusida rejalashtirilgan ishlar yuzasidan masofaviy hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda Buxoro viloyati statistika boshqarmasining xotin-qizlari faol ishtirok etishdi.
Tadbirni Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ziyayev Zohidjan Muratovich bugungi kunda oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, statistika tizimida xotin-qizlarning o‘rni va yutuqlari haqidagi nutqi bilan ochib berdi.
Shuningdek, tadbirda Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raisi Talipova Zulxumor Normatovna so‘zga chiqib, agentlikda gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Tadbir so‘ngida yil davomida namunali faoliyat yuritgan bir qator xotin-qizlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.