BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu qizg‘in tayyorgarliklar orqali nimaga erishamiz deb ko‘pchilikda savol tug‘ilishi tabiiy albatta. Tasavvur qiling, xonadoningizda 8 kishi yashaydi. Demak, bozor-o‘char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Xonadoningizda mavjud maxsulotlardan tashqari zarurlarini xarid qilishga urinasiz. Oila a’zolarning xoxishi va ta’bidan kelib chiqib uyda uy bekasi ovqat pishiradi va uni taqsimotini yoshga qarab suzadi. Bu bir kichkina oila misolida keltirilgan tushuncha edi. Endi tasavvur qiling O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab qancha muammolar, yetishmovchiliklar birgina aholini ro‘yxatga olish tadbiri orqali bartaraf etiladi. Masalan, Buxoroda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim, Farg‘onada nechta oila uy-joyga muxtoj? Samarqandda qancha tug‘ruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Toshkent shahrida, aslida, qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo. Aholi hisobini yuritish qanchalik zarur ekanligini yuqoridagi muammolarga oson yechim topilishini hal qilishga yordam berishini tushunish qiyin emas. Shunday ekan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ommaga havola qilinib tushuntirishlar olib borilmoqda.