Tasavvur qiling, qo'lingizda O'zbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi ma'lumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpog'istonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta ta'lim muassasasi bor, Farg'ona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga o'xshash boshqa muhim ma'lumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy ko'rsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni ko'zlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.
Aksincha, qo'limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo'lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo'ladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma'lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit ma'lumotlar esa aholini ro'yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o'tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma'lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma'lumot olishning yagona manbai hamdir.
Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon o'tkazilmagan. Ma'lumki, BMTning 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga a'zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olishni o'tkazishi belgilab qo'yilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan.
O'zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq so'nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog'i, 1989 yilda o'tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan ma'lumki, ko'pgina mamlakatlarda aholini ro'yxatga olish tadbiri kamida har o'n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi ana'naga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo'lga qo'yiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida aholini ro'yxatga olishni o'tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.
Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Aholi sonini ro'yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo'lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma'lumotlarni yig'ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e'lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to'g'risidagi ma'lumotlarning asosiy manbai bo'lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko'rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to'g'risidagi ma'lumotlar shakllantiriladi.
O'z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo'yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o'ynaydi.