19/06/2024

Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholisini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik mamlakatlarda bunday tadbir har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha har o‘n yillikda raund e’lon qilinadi va unda a’zo mamlakatlarga o‘z hududlarida kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish tavsiya etiladi. Xususan, 2015 yil 10 iyun sanasida qabul qilingan rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish tadbirini 2015-2024 yillar oralig‘ida kamida bir marta o‘tkazish tavsiyasi berilgan. Bugungi kunga kelib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining aksariyatida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi, faqat Ukraina, Moldova va O‘zbekiston Respublikalarida hali bu tadbir o‘tkazilmadi. Aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish 2020 yil raundi doirasida MDH mamlakatlari hududidagi jami aholining 74 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 16 foizi Internet tarmog‘i orqali o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan hamda qolgan 10 foiz aholining ma’lumotlari turli ma’muriy manbalardan olingan. Belarus Respublikasida jami ro‘yxatga olingan shaxslarning 76 foizi ro‘yxatga olish xodimlari tomonidan planshet qurilmalari yordamida so‘rov o‘tkazish usulida ro‘yxatga olingan va aholining 22 foizi Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Qolgan 2 foiz aholi ro‘yxatga olishda ishtirok etishdan bosh tortgan, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’muriy manbalardan olingan. Rossiya Federatsiyasida aholini ro‘yxatga olish elektron shaklda o‘tkazilgan. Aholining 18 foizi Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, qolgan qismi ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali planshet qurilmalari yordamida mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida ro‘yxatga olingan. Qozog‘iston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish raqamli shaklda amalga oshirilgan bo‘lib, respondentlarning 40 foizi savolnomalarni Internet tarmog‘i orqali mustaqil ravishda to‘ldirishgan, 60 foizi esa planshet qurilmalari yordamida so‘rov o‘tkazish usuli orqali ro‘yxatga olingan. Xitoy Xalq Respublikasining yettinchi milliy aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2020 yil 1 noyabrdan 10 dekabrgacha tashkil etilgan. Ushbu tadbir 7 millionga yaqin ro‘yxatga oluvchi xodimlar jalb qilingan. Natijalarga ko‘ra, Xitoy aholisi 2020 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra 1 milliard 411,7 million kishini tashkil etgan. Bu 2010 yilga nisbatan 5,4 foizga oshganligini ko‘rsatadi. Erkaklar soni 723,3 million kishi (jami aholining 51,2 foizi), ayollar soni esa 688,4 million kishini (48,8 foiz) tashkil etgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2020 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish AQSH hududida o‘tkazilgan yigirma to‘rtinchi aholini ro‘yxatga olish tadbiri bo‘lib, bu avvalgi aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida bo‘lgani kabi, qog‘oz shaklidagi savolnomalar orqali so‘rov o‘tkazishdan tashqari, onlayn yoki telefon orqali o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri bo‘lgan. Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, AQSH aholisi 331,4 million kishini tashkil etib, 2010 yilga nisbatan 7,4 foizga o‘sgan. Ta’kidlash kerakki, aholini ro‘yxatga olish mamlakat aholisining aniq sonini, aholi tarkibi va uning yashash sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni bilish imkonini beradi. Asosiysi, bu natijalarni turli xil umumlashgan, shaxssizlantirilgan jadvallarda aks ettirish mumkin va ulardan butun mamlakat, balki aholining turli toifalari va hududlari bo‘yicha ham tahlil qilishda foydalanish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimiz aholisi 36 milliondan oshib, har yili 900 ming yangi avlod kirib kelayotgani ta’kidlangan edi. Mustaqil O‘zbekiston hududida aholini ro‘yxatga olish tadbiri hali biror marta o‘tkazilmagan bo‘lib, mamlakat hududida so‘nggi aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1989 yilda o‘tkazilgan. Shuning uchun ham Prezidentimizning tegishli Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari tizimli ravishda davom etmoqda. Jumladan, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishni tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy va uslubiy hujjatlar hamda ro‘yxatga olish savolnomalari shakllari ishlab chiqildi, aholini ro‘yxatga olishning maxsus veb-sayti (aholi.stat.uz) joriy qilindi, tadbirning logotipi va shiori (“Yangi O‘zbekistonning bir qismi bo‘l!”) tayyorlandi, aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va natijalarini shakllantirish imkonini beruvchi “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimi ishlab chiqildi. 2021 yilda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi. Sinov jarayonlarida planshet usulida aholini ro‘yxatga olish qog‘oz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanligini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini Internet tarmog‘i orqali va planshet qurilmalaridan keng foydalangan holda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech