Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

 

 

Profilaktika ishlari olib borilayotgani sababli telefonlar faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo‘lishi mumkin. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so’raymiz!

 

DEHQON BOZORLARIDAGI AYRIM TOVARLARNING O‘RTACHA NARXLARI, 1 KG. SO‘MDA (2020-YIL 1-IYUl HOLATIDA)

1 / 17
Navli bug‘doy uni - 4 672
2 / 17
Guruch - 8 026
3 / 17
Kartoshka - 3 949
4 / 17
Karam - 1 222
5 / 17
Pomidor - 3 286
6 / 17
Bodring - 2 656
7 / 17
Sabzi - 2 120
8 / 17
No‘shpiyoz - 1 364
9 / 17
Olma - 9 623
10 / 17
Mol go‘shti - 48 188
11 / 17
Qo‘y go‘sht - 45 343
12 / 17
Tovuq go‘shti - 18 291
13 / 17
Turli baliqlar - 22 348
14 / 17
Yangi sog`ilgan sut (litr) - 3 767
15 / 17
Sariyog‘ - 51 314
16 / 17
Tuxum(10 dona) - 7 992
17 / 17
Tandir non (dona) - 2 831

O‘shanda ham aprel chaqmog‘u momoqaldiroq bilan go‘yo bitim tuzgan, tuyqus yoqqan yomg‘ir yoxud ko‘tarilgan shamol, chang-to‘zon ota-onamizning kundalik rejalarini izdan chiqarganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ayniqsa, dehqonu mirishkorning tashvishi ortgandan-ortardi, bu oyda: ekin-tikinini aprelning injiqligidan o‘tkazib olgan dehqon yutardi. Yaxshi niyat bilan yerga qadagan urug‘ini, maysa tortgan ekinini yomg‘iru do‘lga oldirgan dehqonning bir mehnati o‘n, bir mashaqqati yuz bo‘lardi.

Bularning barchasini bugungi dehqon ham yaxshi biladi. O‘zini, ekin-tikinini sinovga hozirlaydi, yomg‘ir mavsumi o‘tib olsin, keyin ekib-undirib olaman, deb o‘tirmaydi. Bir kunni ham g‘animat bilib, tavakkalga qo‘l uradi. Umidli dunyo, axir...

Biroq aprel har doim ham umidvor ko‘ngillarga qarab o‘tirmaydi: birda ayaydi, birda og‘ir-og‘ir sinovlarga ro‘baro‘ qiladi. Xalqimiz bunday sinovlarning bir nechtasini hali-hamon armon va og‘riq bilan yodga oladi: 1966 yil 26 aprel sanasida ro‘y bergan Toshkent zilzilasi, 1989 yil ayni shu kunda Chernobl atom elektr stansiyasida sodir bo‘lgan mudhish fojia, 1978 yil 27 aprel kuni qo‘shni Afg‘onistonda “start berilgan”, minglab navnihollar umriga zomin bo‘lgan va hali-hanuz olovi o‘chmagan “savr inqilobi”...

Afsus, tabiatning bu galgi injiqliklari Buxoroning chekiga tushdi. 27 apreldan 28 aprelga o‘tar kechasi ro‘y bergan bo‘ron nafaqat dehqonu mirishkorni, balki butun voha ahlini yana bir marotaba jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida eʼlon qilingan karantin tufayli har lahzasi sinovli bo‘lgan buxoroliklarga tabiatning bu injiqligi kutilmagan zarba bo‘ldi. Hosilga kirgan dov-daraxtga, “ikkiquloq” bo‘lgan g‘o‘zaga, bir oydan keyin xirmon bo‘lgulik kelbat berib qolgan bug‘doyzorlarga, karantin mashaqqatlarini yengib o‘tishga ko‘mak berar, degan umidda orastalangan va sidirg‘a bo‘y bergan tomorqalarga, hosili peshma-pesh bozorlarni to‘ldirayotgan, chetga eksport qilinayotgan yoxud ana-mana yetilayotgan issiqxonalarga, xonadonlar, transport vositalari, qator infratuzilma obyektlariga jiddiy zarar yetdi.

Bunday vaziyatda pandemiya balosi qayerdan kelgani-yu, qay oqibatlar keltirishi mavhumligi tufayli yuzaga kelgan mubham kayfiyatdan endigina xalos bo‘lib, qadagan urug‘i, ekkan niholi nishonasidan umid ola boshlagan xalqning holatini tasavvur qilish qiyin emas... Internetda “bolalab ketgan” turfa vahimayu shov-shuvlarga, odamlar ko‘nglida paydo bo‘lgan xavotirga ham ofatning ustma-ust kelgani sabab aslida.

Ammo ana shu og‘ir sharoitda ham el-ulus umidini uzgani, iroda va g‘ururini yerga tashlab qo‘ygani yo‘q. Xuddi Ikkinchi jahon urushi yillaridagi kabi, Toshkent zilzilasi, Chernobl fojiasi ro‘y bergan yillardagi kabi davlat rahbari, hukumat xalqni yolg‘izlatib qo‘ymasligiga barcha birdek ishondi.

Axir, biz urush o‘choqlariga millionlab farzandlarini jo‘natgan xalqmiz! Urush tufayli xonumoni barbod bo‘lgan, yurtimizga evakuatsiya qilingan million odamni, 200 mingdan ziyod norasidani bag‘riga olgan xalqmiz! Front ortida eng so‘nggi burda noniga qanoat qilib, topgan-tutganini urushda jon olib, jon berayotgan jangchilarga yuborgan xalqmiz! Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etish uchun bir tanu bir jonga aylangan xalqmiz! Qo‘shni Afg‘oniston qirlarida so‘lgan lolalari, Chernoblga ko‘makka otlangan bolalari qalbiga g‘urur ekkan xalqmiz! Ha, umid, ishonch, iroda, sabr va matonat – or-nomus qadar ardoqli biz uchun!

Vohada ro‘y bergan tabiiy ofatdan xabar topgan muhtaram Prezidentimizning zudlik bilan Buxoroga yetib kelishlari xalqimiz qalbidagi ana shu umid va ishonchga, botinidagi sabr va matonatga qanot bag‘ishladi. El otasi uyingga yo‘qlab kelganida, kulfatingga sherikman deb, mehr ila bag‘riga bosganida, ko‘ngildan nelar kechishini tasavvur qilavering...

Tashrif davomida Prezidentimiz taklifi bilan tuzilgan tezkor guruh ishtirokida joylardagi, ayniqsa, ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Qorako‘l va Olot tumanlaridagi vaziyat batafsil o‘rganildi. Ko‘rilgan zarar miqdori chamalandi, birinchi navbatda tiklanishi zarur bo‘lgan resurslar – elektr va gaz taʼminotidagi uzilishlarni bartaraf etish, ofatdan zarar ko‘rgan xonadonlardagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini, shuning barobarida ish o‘rinlarini tiklash, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, karantin sharoitida daromad topish manbaidan uzilib qolgan xonadonlarga uzluksiz moddiy-maʼnaviy ko‘mak berib borish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Shu kuni Prezidentimiz xalq bilan bevosita muloqotda bo‘ldi. Viloyat va tuman faollari, deputatlar, mahalla raislari, nuroniylar ishtirokida kechgan suhbat asnosida tabiiy ofat oqibatlarini qisqa muddatda bartaraf etish, buning uchun aholi mahalliy hokimiyat bilan bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishi zarurligi taʼkidlandi. Prezidentimizning otalarcha g‘amxo‘rligi, ofatdan zarar ko‘rgan har bir xonadon, har bir muasasasa, har bir fermer xo‘jaligi davlat himoyasiga olinishi, ko‘rilgan zarar qoplanishi, har ikki tuman batamom yangicha qiyofa kasb etishiga erishilishi haqidagi fikrlari xalqni ruhlantirib yubordi. Olotchasiga aytganda, ko‘ngil ko‘ngildan suv ichib, hovuri bosildi. Iroda, matonat, umid va ishonch oyoqqa qalqdi.

Bugun viloyatda yashab, o‘zini ozmi-ko‘pmi elga doxil sanaydigan odamki bor, ikki ko‘zi Qorako‘l va Olot tomonda. Vujudi quloqqa aylanib, xushxabarlar kutyapti. Imkon tug‘ildi deguncha, elga ko‘makka, ulusga hasharga otlanishga shay. Mish-mishu shov-shuvga zo‘r berib, elni ko‘chaga otlantirgan ayrimlarga esa aytgulik so‘zimiz yo‘q. Tangri taolo suyganini sinashini, shov-shuv chiqarish bilan qozon qaynamasligini yaxshi bilganimizdan, ofatdan jabr ko‘rgan qondoshlarimizga qo‘l-qanot bo‘lish umidida tadorigimizni ko‘ryapmiz.

Ha, biz bir-birimizni kulfatga tashlab qo‘yadigan xalq emasmiz!

Shodmon Sulaymon,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Tugmani bosing Tinglash