Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

DEHQON BOZORLARIDAGI AYRIM TOVARLARNING O‘RTACHA NARXLARI, 1KG. SO‘MDA (2020-YIL 1-OKTABR HOLATIDA)

1 / 17
Navli bug‘doy uni - 4727
2 / 17
Guruch - 8 403
3 / 17
Kartoshka - 3 470
4 / 17
Karam - 1 976
5 / 17
Pomidor -1 815
6 / 17
Bodring - 2 571
7 / 17
Sabzi - 2 692
8 / 17
No‘shpiyoz - 1 614
9 / 17
Olma - 7 903
10 / 17
Mol go‘shti - 55 920
11 / 17
Qo‘y go‘sht - 52 133
12 / 17
Tovuq go‘shti - 18 383,33
13 / 17
Turli baliqlar - 22 505
14 / 17
Yangi sog`ilgan sut (litr) - 3 762
15 / 17
Sariyog‘ - 53 550
16 / 17
Tuxum(10 dona) - 8544
17 / 17
Tandir non (dona) - 2 798

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatda aholi sogʻligʻini saqlash va yaxshilashni taʼminlaydigan samarali sogʻliqni saqlash tizimini yaratish, sogʻlom avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida bosqichma-bosqich milliy tibbiy taʼlimni modernizatsiyalash, mazkur sohaga xalqaro taʼlim standartlari va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, aholi sogʻligʻini saqlashning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, harbiy tibbiyot tizimida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga toʻsqinlik qilayotgan bir qancha muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, harbiy tibbiyot mutaxassislarining uzluksiz kasbiy tayyorgarligini taʼminlash, ularning malakasini oshirish, koʻnikmalarini zamonaviy talablarga moslashtirishning amaliy tizimi joriy qilinmagan;

ikkinchidan, oʻquv jarayonida innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanishning past darajada ekanligi oqibatida harbiy-tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga samarali tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etish tizimiga zamonaviy usul va yondashuvlarni tatbiq qilish imkoni mavjud emas;

uchinchidan, favqulodda holatlar (vaziyatlar) oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan va ushbu yoʻnalishda tashkiliy-profilaktika ishlarni olib boradigan yuqori malakali harbiy tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish talab etilmoqda.

Yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ular uchun uzluksiz, bosqichma-bosqich va maqsadli oʻqitish tizimini yaratish hamda harbiy-tibbiy sohada taʼlim, fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida:

1. Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi (keyingi oʻrinlarda − Akademiya) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

tibbiyot sohasida tor mutaxassislarni, ilmiy-pedagogik kadrlarni hamda zaxira va rezervdagi tibbiyot xizmati ofitserlarini tayyorlash;

taʼlim jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik va innovatsion tibbiyot texnologiyalari, zamonaviy oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy yondashuvlarni keng joriy etish;

harbiy tibbiyot amaliyotida mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

milliy va xorijiy yetakchi oliy, oliy harbiy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikda taʼlim jarayonini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish;

taʼlim oluvchilarni insonparvarlik va yuksak maʼnaviy gʻoyalar asosida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

3. Belgilansinki, Akademiya:

davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakultetining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaragʻi va xorijiy valyutadagi bank hisobvaragʻi, shtamp va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Akademiyada tahsil olish uchun 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi oliy tibbiy taʼlim muassasalari davolash fakultetlarining beshinchi bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining toʻrtinchi bosqichini tamomlagan, oʻqish yakunlari boʻyicha eng yuqori natijalarni koʻrsatgan, oʻqishini Harbiy tibbiyot akademiyasida davom ettirish va kelgusida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtash istagini bildirgan, shuningdek, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan talabalar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi;

Akademiyada kursantlarning majburiy ikki yillik oʻqishi ikki bosqichli harbiy tibbiyot oʻquv dasturi asosida: birinchi yil – bakalavriatda, ikkinchi yil – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha harbiy internaturada amalga oshiriladi;

Akademiyaning bakalavriat bosqichini tamomlagan kursantlarga dastlabki “tibbiy xizmat leytenanti” harbiy unvoni va “harbiy vrach” mutaxassisligini beradigan davlat namunasidagi diplom hamda harbiy internaturani tamomlagach, navbatdagi “tibbiy xizmat katta leytenanti” harbiy unvoni va tegishli mutaxassislik berilganligi toʻgʻrisida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi;

Akademiyaning harbiy tibbiyot oʻquv dasturi asosida taʼlim olgan bitiruvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi oliy tibbiy taʼlim muassasalari davolash va tibbiy-profilaktika fakultetlaridagi oʻqishi Akademiyadagi oʻqishga tenglashtiriladi;

tibbiyot sohasidagi tor mutaxassisliklar boʻyicha tibbiyot kadrlari Akademiyaning klinik ordinatura va magistraturasida, ilmiy-pedagogik kadrlar esa uning doktoranturasida tayyorlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali Akademiyaning oʻquv va klinik bazasi, shuningdek, asosiy taʼminot markazi hisoblanadi.

5. Akademiyaga 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tibbiy taʼlim muassasalarini bitirgan tibbiyot xodimlarini toʻlov-kontrakt asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirishga;

hukumatlararo bitim va shartnomalar asosida xorijiy davlatlar uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ruxsat etilsin.

6. Akademiya tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

sanitariya-epidemiologik manbalarni, hodisalarni, omillarni va biologik xavfsizlik toʻgʻrisidagi qarashlarning shakllanishini ilmiy jihatdan oʻrganish, zamon talablariga javob beruvchi, biologik tahdidlarga tezkor javob qaytara oladigan samarali tizimni shakllantirish va rivojlantirish boʻyicha izlanishlar olib borish;

aholi va shaxsiy tarkibning biologik xavfsizligini taʼminlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni olib borish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tahdidlarni tahlil qilish va ularga qarshi ilmiy asoslangan majmuaviy tadbirlarni ishlab chiqish, biologik xavflarni nazorat qilish tizimini muvofiqlashtirish;

biologik xavfsizlik sohasida milliy kadrlarni tayyorlash va sohaga oid ilmiy tadqiqotlarning olib borilishida oʻquv-ilmiy markaz sifatida faoliyat yuritish;

ilmiy asoslangan ishlanmalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida qoʻshinlarning tibbiy taʼminotini tashkil etish tajribasini va mavjud muammolarni oʻrganish.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkiliy-shtat tuzilmasi 1-ilovaga;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida oʻqitiladigan mutaxassisliklar (yoʻnalishlar) roʻyxati 2-ilovaga;

Tibbiyot sohasida harbiy kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarining egallab turgan lavozimlari boʻyicha asosiy harbiy unvonlari va tarif razryadlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Akademiyani tashkil etish uning tashkiliy-shtat tuzilmasiga asosan 40 ta kursant va 100 ta tinglovchi shtat birliklari Mudofaa vazirligiga qoʻshimcha, qolgan shtat birliklari esa – Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida ajratilishi orqali amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga, zarurat boʻlganda, Akademiyaning tashkiliy-shtat tuzilmasiga Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

8. Akademiya Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Ziyolilar koʻchasi, 4-uy manzili boʻyicha 83-son harbiy shaharcha hududida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetiga 2019-yilda oʻqishga kirgan kursantlarning tahsil olishini 2020/2021 oʻquv yilida amaldagi taʼlim dasturlari boʻyicha Toshkent tibbiyot akademiyasi va Akademiyaning bazalarida yakunlash choralarini koʻrsin;

Akademiyaning 2021-yil bitiruvchilari orasidan oʻqish yakuni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlganlarga harbiy internaturada oʻqishni davom ettirishga ruxsat berilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga, istisno tariqasida, Akademiyaning Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti ofitserlar tarkibi lavozimlarini kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtash istagini bildirgan tibbiyot sohasidagi yuqori malakali fuqaro mutaxassislar hisobidan butlashga, bunda ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalariga koʻra dastlabki va harbiy-kasbiy saralashni oʻtkazmay, shuningdek, harbiy xizmatda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetganligidan qatʼi nazar, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga olishga hamda katta ofitserlar tarkibi harbiy unvonlarini berishga ruxsat berilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Akademiya hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmalarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

12. Belgilansinki:

a) Akademiyaning pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi rahbari, rahbar oʻrinbosarlari va professor-oʻqituvchilar tarkibiga hamda Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot institutining rahbari va ilmiy xodimlariga quyidagi miqdorda oylik ustama toʻlanadi:

bazaviy lavozim maoshining 50 foizi miqdorida – fuqaro tarkibidagi ishchilarga;

asosiy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida – kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga;

b) Akademiya hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining bosh, yetakchi, katta va kichik ilmiy xodimlari lavozimlaridagi fuqaro xodimlari mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan byudjet mablagʻlari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga teng miqdorda amalga oshiriladi;

v) Akademiyada oʻquv va oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishga bevosita jalb qilinadigan respublikaning boshqa tibbiyot muassasalari mutaxassislariga pedagogik faoliyatning har bir akademik soati uchun Akademiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi;

g) Akademiyaning taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Mudofaa vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yili boshlanguniga qadar:

Akademiyaga professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar tarkibining tanlovini oʻtkazsin hamda vakant lavozimlar, ularga qoʻyiladigan talablarni hisobga olgan holda, tegishli ixtisoslikdagi yuqori malakali mutaxassislar bilan belgilangan tartibda butlasin;

Akademiyaning oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga, shu jumladan, shartnoma asosida, yetakchi milliy va xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning malakali mutaxassislari va ekspertlarini jalb etsin;

ilgʻor milliy va xorijiy oliy taʼlim, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy markaz hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasidan foydalangan holda Akademiyaning professor-oʻqituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarining kasbiy tayyorgarligini doimiy ravishda takomillashtirib borishni taʼminlasin.

Akademiya boshligʻiga taʼlim sohasida milliy va xalqaro oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan belgilangan tartibda ikki tomonlama tegishli kelishuv va shartnomalar tuzish huquqi berilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:

ikki oy muddatda Akademiyaning infratuzilma obyektlari qurilishini jadallashtirish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini;

uch oy muddatda Akademiyani zamonaviy oʻquv jihoz va buyumlari, laboratoriya qurilmalari va trenajyor komplekslari bilan taʼminlashni nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasining infratuzilmasi hamda oʻquv-moddiy bazasini yaratish va takomillashtirish boʻyicha kompleks dasturni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Mudofaa vazirligiga 2021-yilda va kelgusi yillarda qoʻshimcha markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari va byudjet mablagʻlarini ajratsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

 

zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                           Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2020-yil 22-oktyabr

 OʻzА

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-oktyabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda yer ajratish va davlat kadastri sohasida bir necha oʻn yillar mobaynida tizimli muammolar toʻplanib qolgani sir emas. Tartib-intizom, hisob-kitob boʻlmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlib ketgan. Bu sohadan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi edi.

Shu bois joriy yil 7-sentyabrda “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatda sohani ilgʻor tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini toʻliq yuritish va raqamlashtirish boʻyicha komleks vazifalar belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni taʼminlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi.

Yangi tizimga koʻra Kadastr agentligi Soliq qoʻmitasi tarkibida tashkil etilgani bejiz emas. Chunki bu sohada soliq bazasini kengaytirish uchun katta zaxira bor.

Misol uchun, yaqinda Boʻstonliq, Furqat, Koson tumanlari va Urganch shahrida oʻtkazilgan oʻrganishlarda jami 2 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyekti kadastr va soliq bazalarida hisobga olinmagani aniqlangan.

Shunday holat yer maydonlarida ham bor. Masalan, xatlovlar natijasida 66 tumanda 150 ming gektar qoʻshimcha qishloq xoʻjaligi yerlari, shundan hisobotlarga kiritilmagan 28 ming gektar sugʻoriladigan ekin maydoni borligi ayon boʻlgan. Umuman, 113 tumanda yer fondi toifalari va turlarining aniq hisob-kitobi boʻlmagani oqibatida koʻplab zaxiralar yoʻqotilmoqda.

Yigʻilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qoʻyib, toʻliq shakllantirib olish zarurligi taʼkidlandi.

– Kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgan. Ular murakkab, tushunarsiz yozilgan. Bu esa korrupsiyaga yoʻl ochib bergan. Bugun tizim tamomila oʻzgarishi kerak. Asosiy maqsad yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni taʼminlashdir, – dedi Prezident.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbarlariga barcha qishloq xoʻjaligi tumanlari boʻyicha yer kadastr hujjatlarini tayyorlab, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish yuzasidan koʻrsatma berildi. Endi hokimlarning yer ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari mazkur geoaxborot tizimiga kiritilmagunicha haqiqiy hisoblanmaydi.

Shuningdek, Kadastr agentligi bilan soliq idoralarining maʼlumotlar bazasini birlashtirib, foydalanishdagi yer va obyektlarni hisobga olish hamda soliq shakllantirib borish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kundagi oʻrmon xoʻjaligi kadastri 1987-yildan buyon yangilanmagani koʻrsatib oʻtildi. Undan beri oʻtgan davrda tabiiy yoʻl bilan yangi oʻrmonlar paydo boʻlgan. Shu bois Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga oʻrmonzorlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi.

Tizimdagi muammolardan biri shuki, 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan. Shundan 200 mingdan ziyod obyekt boʻyicha soliq hisoblanmayapti. Bundan tashqari, 1 milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yoʻq.

Shu munosabat bilan Prezident koʻchmas mulk kadastri hisobini toʻliq shakllantirish zarurligi, bu soliq solish bazasini kengaytirishda muhimligini taʼkidladi. Undan keladigan mablagʻlar toʻliq mahalliy byudjetga tushadi va ular hisobidan ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin.

Qurilishdan bino-inshootning kadastr jildini tayyorlashgacha boʻlgan bosqichlarda undiriladigan toʻlovlar asosliligini oʻrganib, ularni kamaytirish va jarayonlarni soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Yer soligʻi hisoblash tizimini ham tubdan qayta koʻrib chiqish kerakligi aytildi. Xususan, viloyat markazlariga yaqin, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududlarda ham, hosildorligi past joylarda ham yer soligʻi deyarli bir xilda hisoblanadi.

Mutasaddilarga yerlarning haqiqiy qiymatidan kelib chiqib soliq hisoblash, bunda oshirilgan va kamaytirilgan koeffitsiyentlarni qoʻllash tizimini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Shu maqsadda xalqaro ekspertlar jalb qilinib, obyektlarning bozor qiymatini aniqlash tartibi 4 ta tumanda sinovdan oʻtkazilishi belgilandi.

Yigʻilishda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik yoki yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Qayd etilganidek, birgina joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari.

Agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan taʼminlanishi aytildi. Bundan tashqari, kosmosdagi sunʼiy yoʻldoshlar orqali kuzatuvdan foydalanib, noqonuniy qurilmalarni tezkor aniqlash va qurilishni ilk bosqichidayoq bartaraf etish imkonini beradigan axborot tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu dastlab ayrim viloyatlarda sinovdan oʻtkaziladi.

Barcha viloyat, tuman va shaharlarning maʼmuriy chegaralarini aniqlash ishlarini shu yil yakuniga yetkazib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash vazifasi qoʻyildi. 2 mingdan ziyod nomsiz koʻchalar, 1 milliondan ortiq raqamsiz uylar borligi qayd etilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumki, yurtimizda 21 turdagi davlat kadastri mavjud. Lekin bugungi kunda 9 ta kadastr boʻyicha maʼlumotlar 50 foizga ham yetmaydi. Oqibatda yerlarni auksionga chiqarish uchun turli idoralar joyiga chiqib oʻrganishga, alohida-alohida xulosa berishga majbur va unga 2 oy atrofida vaqt ketmoqda.

Xususan, faqat shaharlararo avtomobil yoʻllari boʻyicha kadastr mavjud boʻlib, ichki yoʻllar boʻyicha birorta hududda kadastr tasdiqlanmagan. Shu bois bu boradagi kadastrni toʻliq hujjatlashtirib, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish vazifasi belgilandi.

Sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun Kadastr agentligining barcha boʻgʻinlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish, yangi tizim mazmuni va tartibi boʻyicha oʻqitish muhimligi taʼkidlandi. Joylardagi kadastr boʻlimlarining moddiy-texnik taʼminoti va mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan ham koʻrsatma berildi.

 

– Umuman aytganda, har bir hokim va sektor rahbarlari yer hisobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yerni koʻz qorachigʻiday asrash hududlarning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladigan asosiy omillardan biri ekanini anglab yetishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu orqali uchta muhim masalani, yaʼni, yerdan samarali foydalanishni, fuqarolar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mulk huquqini va daxlsizligini taʼminlashni hamda soliq bazasini kengaytirib, byudjet daromadiga qoʻshimcha zaxiralar shakllantirishni hal qilgan boʻlamiz.

Videoselektor yigʻilishida mutasaddilar yer va kadastr hisobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali natijadorlikni taʼminlash choralari yuzasidan hisobot berdi.

OʻzA
 
 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Pochta tizimini xat, joʻnatma va tovarlar yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtirish orqali soha barqarorligini taʼminlash muhim masala hisoblanadi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tizimida mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan 2 mingdan ziyod boʻlinma, 7 ming nafar xodim bor. Lekin yillar davomida eʼtibor berilmagani oqibatida pochta xizmatining oʻrni pasayib ketdi. Xususan, soʻnggi oʻn besh yilda 1 ming 300 ta pochta boʻlinmasi yopilgan. Oʻtgan yili xorijdan kelgan 6 ming tonna joʻnatmalarning atigi 10 foizi, kuryerlik xizmatlarining 30 foizi milliy pochta hissasiga toʻgʻri kelgan.

Shu bois joylardagi ahvol oʻrganilib, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokida pochta tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar tayyorlandi. Yigʻilishda ushbu chora-tadbirlar Sergeli, Yangiqoʻrgʻon va Toshkent tumanlari pochtasi misolida taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari pochta tizimini rivojlantirish uchun uni daromad keltiradigan sohaga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xususiy operatorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshimcha xizmatlarni taqdim etish orqali pochta boʻlimlari daromadini oshirish mumkinligi aytildi.

Masalan, hozirgi kunda elektron savdo rivojlanmoqda. Internet orqali sotib olingan tovarni egasiga yetkazib berishga doim talab bor. Qolaversa, yurtimizga kirib kelgan xalqaro tashuvchi kompaniyalarning hududlarda filiallari yoʻq. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, pochta joʻnatmalari va mahsulotlarni yakuniy manzilga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish yaxshi samara beradi.

– Pochta sohasidagi eng asosiy vazifa odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilishdir, – dedi Prezident.

 

Yigʻilishda yakuniy manzilga yetkazish tizimini tumanlarda tajribadan oʻtkazib, kelgusi yil 1-martdan viloyat markazlarida, 1-iyuldan mamlakat boʻyicha joriy etish rejasi belgilandi. Buning uchun joʻnatmalarni qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimini ishga tushirish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yil yakunigacha milliy onlayn savdo maydonchasini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Bu tizim orqali tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotini respublika boʻyicha savdoga chiqaradi, milliy operator ularni manziliga yetkazib beradi. Bunda “Oʻzbekiston pochtasi” xaridor va sotuvchi oʻrtasida kafil boʻladi. Shu maqsadda kelgusi yili Toshkent shahrida logistika markazini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Soha daromadini taʼminlash uchun yana bir manba – uncha murakkab boʻlmagan davlat xizmatlarini pochta boʻlimlarida ham yoʻlga qoʻyish. Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzbekiston pochtasi” AJning olis hududlardagi 300 ta boʻlinmasida 13 xil davlat xizmati koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Shuningdek, dastlab Sergeli, Yangiqoʻrgʻon va Toshkent tumanlaridagi pochta boʻlinmalarida naqd pul inkassatsiyasi, plastik karta amaliyoti kabi bank xizmatlarini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Soʻnggi toʻrt yilda “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning jami matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizni tashkil etmoqda.

Mutasaddilarga bosma nashrlarni qoʻllab-quvvatlash uchun matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Yangi pochta xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun xodimlarni qayta tayyorlash, pochta binosini davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar bilan birga ishlatish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

OʻzA

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga tashrif buyurdi.
 
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Olmaliq KMK AJ va “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati vakillari Tojikistonda joylashgan Shohqadambuloq temir-ruda koniga ham borishdi.
 
Qayd etish kerakki, mazkur kon metall mahsulotlari ishlab chiqarishda zarur boʻlgan koʻp yillik temir rudasi zaxirasiga ega ekanligi va qulay geografik joylashuvi bilan ahamiyatli.
 
Soʻngra Oʻzbekiston-Tojikiston hamkorlik aloqalari doirasidagi biznes-forum davomida “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati vakillari importyor korxonalar bilan muzokaralar va uchrashuvlar oʻtkazdi. Natijada qiymati 17 million dollardan ortiq eksport shartnomalari imzolandi.
 
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin-ki, ushbu kombinat mahsulotlariga Tojikiston bozorida talab yetarlicha mavjud. Eksport hajmi soʻnggi uch yilda 20 barobarga ortgani ham buning yorqin isbotidir. Hozirga qadar kombinatda ishlab chiqarilayotgan metall prokat mahsulotlaridan foydalangan holda Dushanbe shahrida koʻp qavatli binolar qad rostladi. Yana 10 dan ortiq bino-inshoatlarning qurilishi davom etmokda.
 
Shuningdek, muzokaralar davomida, sirlangan poʻlat idishlar, mix mahsulotlari va bazalt plitalarini yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli eksport shartnomalari hamda kelishuvlar tuzildi.
 
Ana shu maqsadda tashrif davomida kombinat va kombinatning Tojikiston Respublikasidagi Savdo uyi vakillari Dushanbe bozorlarida oʻz mahsulotlarini savdosi yuzasidan marketing tadqiqoti oʻtkazdi. Natijada koʻplab turdagi mahsulotlarning Tojikiston bozoridagi savdosini yana-da oshirish mumkinligi aniqlandi.
 
 
 
OʻzA
 
 
 

Assalomu alaykum, qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Avvalo, siz azizlarni, koʻp millatli butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma toʻqqiz yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ayni paytda ushbu tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, shuningdek, uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik soʻzlarimni eshitib turgan moʻtabar otaxon va onaxonlarimizga, munis opa-singillarimizga, aziz yoshlarimizga, barcha-barcha yurtdoshlarimga oʻzimning yuksak ehtiromimni bildiraman.

Hammangizga maʼlum, pandemiya tufayli bu yil Mustaqillik bayramini har doimgidek katta tantana va sayillar bilan nishonlay olmayapmiz.

Xalqimizning salomatligini oʻylab, bayram tadbirlarini ixcham shaklda, onlayn rejimida oʻtkazmoqdamiz. Lekin, har yilgidek, mashhur sanʼatkorlarimiz ushbu qutlugʻ sanaga atab katta-katta konsertlar, badiiy dasturlar tayyorlashgan va ular televideniye orqali xalqimizga taqdim etiladi.

Hech shubhasiz, barchamiz uchun eng ulugʻ va muqaddas boʻlgan bu bayram shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda, yuraklarimizda davom etadi.

Hurmatli doʻstlar!

Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlgan taqdirdagina, oʻz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega boʻladi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi.

Xalqimizning beqiyos jasorati va matonati bilan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov boshchiligida qoʻlga kiritilgan davlat mustaqilligi ana shu asriy orzumizni amalda taʼminlagan olamshumul voqeadir.

Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda.

Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz.

Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.

Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Istiqlol yillarida bosib oʻtgan shonli yoʻlimizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonchimiz yana-da ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz bu borada hal qiluvchi omil boʻlmoqda.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qoʻymoqdamiz.

Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy oʻzgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Mamlakatimiz fuqarolari qayerda boʻlmasin, davlat himoyasida ekanini, qonun va adolat kuchini his etib yashamoqda.

Bugun bir haqiqatni qatʼiy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar toʻqnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda Oʻzbekistonda shakllangan yangi tizim oʻzini toʻla oqlamoqda.

Aziz yurtdoshlar!

Sizlarga maʼlumki, shu yil boshida 2020-yil uchun ulkan reja va maqsadlarni belgilab olgan edik. Biroq jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida roʻy bergan tabiiy va texnogen ofatlar barchamizning irodamizni jiddiy sinovdan oʻtkazdi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib toblangan xalqimiz bu ogʻir kunlardan ham oʻzining sabr-matonati, mehr-oqibati va mehnatkashligi bilan yana-da kuchli boʻlib oʻtmoqda.

Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun gʻoyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Yaʼni, biz aholimizning sogʻligʻi va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning oʻzida hal etmoqdamiz.

Pandemiya davrida xalqimiz tom maʼnoda qudratli kuchga aylandi. Buni “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ezgu tashabbus ishbilarmon va tadbirkorlarni, fidoyi yoshlarimizni, barcha-barcha vatandoshlarimizni olijanob maqsad yoʻlida birlashtirdi.

Hazrat Alisher Navoiyning:

Davron elining jismida jon boʻlgʻil,

Ham jonlariga moyai darmon boʻlgʻil, –

degan soʻzlari bugun yana-da teran maʼno bilan yangramoqda.

Chindan ham, hozirgi davr har birimizni saxovat va himmat koʻrsatib, xayrli ishlarimiz bilan el-yurt dardiga darmon boʻlishga undamoqda.

Ayni vaqtda koronavirus mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun ham jiddiy sinov, ham ulkan tajriba maktabi boʻldi.

Bu baloga qarshi kurashish boʻyicha soʻnggi olti oy davomida misli koʻrilmagan ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, koʻplab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qoʻshimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi. Eng ilgʻor xorijiy amaliyot va oʻzimizda toʻplangan tajriba asosida davolash usullari takomillashtirib borilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy eʼtiborimizda turibdi. Bunday chora-tadbirlarimiz natijasida minglab bemorlar shifo topib, oilasi bagʻriga qaytmoqda.

Chet davlatlarga mehnat qilish va oʻqishga ketib, pandemiya tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizni oʻz uylariga qaytarish, tegishli yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirgan katta ishlarimiz davom ettirilmoqda.

Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi.

Barchangizga yaxshi maʼlum, dunyoda ikki soha vakillari oʻz kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi: bular – Vatan himoyachilari boʻlgan harbiylar va inson salomatligiga masʼul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning oʻzi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq boʻlgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak boʻlsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar.

Xalqimiz, davlatimiz sizlarning matonat va jasoratingizni hech qachon unutmaydi.

Biz nechogʻlik harakat qilmaylik, afsuski, bu xavfli kasallik bir qancha vatandoshlarimizning umriga zomin boʻldi. Bu ogʻir yoʻqotishlar yuraklarimizni larzaga soldi. Negaki, bu insonlarning har biri bizning jigarlarimiz edi.

Shu oʻrinda yaqinlaridan judo boʻlgan yurtdoshlarimizga chuqur hamdardlik bildirib, ularga Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilayman.

Qadrli vatandoshlar!

Xalqimizda “Oqqan daryo – oqaveradi” degan hikmatli gap bor. Buni bugungi murakkab vaziyatda amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz isbotlab turibdi.

Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi kabi nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida Oʻzbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yoʻl qoʻyilmaganini taʼkidlamoqda va keyingi yillarda sezilarli oʻsish kutilayotganini prognoz qilmoqda. Bu albatta oʻz vaqtida koʻrgan tezkor choralarimizning samarasidir.

Karantin cheklovlariga qaramasdan, sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish boʻyicha boshlagan keng koʻlamli ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.

Aholimizning asosiy qismi oʻzining daromad manbalari va turmush darajasini saqlab qolishiga erishdik. Karantin talablari joriy etilishi natijasida 72 ming 500 ta sanoat korxonasidan 16 ming 700 tasi oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi. Bu borada qilgan tizimli ishlarimiz hisobidan 16 ming 600 ta korxonada ishlab chiqarish jarayoni tiklandi.

Mamlakatimiz korxonalari mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish boʻyicha belgilangan rejalar ham bajarilmoqda. Yil boshidan buyon 9 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilishga erishganimiz ham buni tasdiqlab turibdi.

Shu oʻrinda bir raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bu yil respublikamizda birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar boʻlgan loyihalar ishga tushiriladi.

Ana shunday yirik loyihalar qatorida yangi Toshkent metallurgiya zavodini alohida qayd etish zarur. Germaniya va Italiyaning zamonaviy texnologiyalari oʻrnatilgan ushbu korxona ekologik jihatdan eng toza va xavfsiz boʻlib, yiliga 500 ming tonna metall prokati ishlab chiqaradi.

“Navoiyazot” korxonasida yiliga 500 ming tonna azot kislotasi va 100 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqaradigan zavodlar foydalanishga topshirildi. Yil oxiriga qadar bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak va 577 ming tonna karbamid ishlab chiqaradigan zavodlar ham faoliyat boshlaydi. Yangitdan barpo etilayotgan “Oʻzbekiston JTL” zavodida “Shoʻrtangazkimyo” kompleksining metan gazi asosida yiliga 1,5 million tonna sintetik yoqilgʻi olish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar tayyorlashni uch barobar koʻpaytirishga doir, shuningdek, neft, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati, farmatsevtika, toʻqimachilik, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlar boʻyicha ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy sohadagi ana shunday keng koʻlamli islohotlar tufayli xalqaro valyuta zaxiralarimizning hajmi qariyb 5,5 milliard dollarga oshib, jami 34 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Bu, hech shubhasiz, katta yutugʻimizdir.

Iqtisodiyotimizda barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlashda qishloq xoʻjaligi alohida rol oʻynamoqda. Sohani modernizatsiya qilish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablagʻi jalb etildi.

Biz keyingi yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga birinchi marta shunday ulkan moliyaviy resurslarni yoʻnaltirmoqdamiz.

Mirishkor dehqon va fermerlarimiz bu yilgi murakkab sharoitda fidokorona mehnat qilib, gʻalladan olti yarim million tonnaga yaqin hosil yetishtirdilar. Chorvachilik, parrandachilik, bogʻdorchilik, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Imkoniyatdan foydalanib, rizq-roʻzimiz bunyodkori boʻlgan dehqon va fermerlarimizga, yerning haqiqiy egasiga aylanayotgan klaster xoʻjaliklari xodimlariga, barcha dala mehnatkashlariga samimiy minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Hurmatli doʻstlar!

Xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Pandemiya davrida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ular oʻz faoliyatini davom ettirishi uchun biznes subyektlariga turli imtiyoz va yengilliklar berilgani sizlarga yaxshi maʼlum.

Bu yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Ishonchim komil, ana shunday tizimli ishlarimiz orqali yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz faoliyatini va iqtisodiyotimiz barqarorligini albatta taʼminlaymiz.

Ulkan qurilish maydoniga aylangan mamlakatimizda koʻplab yangi-yangi korxona va turar-joylar, yoʻl va koʻpriklar, infratuzilma obyektlari, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda birgina ijtimoiy sohaning oʻzida 2 ming 400 ga yaqin obyektda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.

Poytaxtimizdagi kuni kecha foydalanishga topshirilgan yangi yer osti va yer usti metro liniyalari, Gʻalaba bogʻi, Adiblar xiyoboni singari muhtasham majmualar, barcha hududlarimizda qad koʻtarayotgan zamonaviy bino va inshootlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyatidan yorqin dalolatdir.

Qadrli bayram ishtirokchilari!

Maʼlumki, milliy mustaqilligimizning bosh maqsadi yurtimizdagi har bir insonning izzat-hurmati va qadr-qimmatini joyiga qoʻyishdan iboratdir.

Biz ana shu ezgu ishni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni kamaytirishni davlat siyosati darajasiga koʻtardik. Jumladan, ijtimoiy nafaqa bilan taʼminlanadigan aholi soni qariyb 1,5 barobar oshirildi. Yil yakuniga qadar ularning soni hozirgi 774 mingdan 1 million 200 ming nafarga yetkaziladi. Ushbu toifani qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotimizni tiklash uchun davlat byudjetidan oʻn ikki yarim trillion soʻm mablagʻ ajratildi.

Keyingi paytda uyma-uy yurib oʻrganish orqali aholini ijtimoiy himoya qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashning oʻziga xos yangi tizimi shakllantirildi. Shu asosda, umumiy hisobda, moddiy yordam koʻrsatish uchun 417 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, sentyabr oyida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning farzandlarini va nogironligi boʻlgan bolalarni qishki kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash maqsadida 426 milliard soʻmga yaqin moddiy yordam koʻrsatiladi.

Oʻzbekiston tarixida ijtimoiy soha boʻyicha bunday keng koʻlamli ishlar ilgari hech qachon boʻlmagan.

Bugungi qutlugʻ ayyomda Vatanimiz kelajagi boʻlgan yoshlarimizning kamoli yoʻlida qilayotgan ishlarimizni esga olishimiz tabiiydir.

Soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga yetdi. Bu yil oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam oʻtgan yilga nisbatan 40 foiz koʻp demakdir.

Ushbu koʻrsatkichlar, avvalo, farzandlarimiz va ularning ota-onalari qalbidagi ertangi kunimizga, kelajakka boʻlgan katta orzu-umid va ishonchdan darak beradi.

Ana shu oʻgʻil-qizlarimiz yaqinda kirish imtihonlarini topshiradi. Kelinglar, boʻlgʻusi sinovlarda hamma farzandlarimizga omad va zafarlar tilaylik!

Yosh avlod tarbiyasida hal qiluvchi oʻrin tutadigan bogʻchalar va maktablar tizimida ham ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etish, “Zamonaviy maktab” dasturini joriy etish borasidagi ishlarimiz ham uzluksiz davom ettirilmoqda.

Yurtimizda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.

“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor oʻgʻil-qizlarimizning 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga qariyb 1,7 trillion soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Farzandlarimizning isteʼdod va qobiliyati, ezgu intilishlarini toʻliq roʻyobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz boʻlib qoladi.

Oila, onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettirilmoqda.

Xabaringiz bor, kam taʼminlangan oilalarda kamol topayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish uchun bu yil yangi tizim joriy etdik. Unga muvofiq, ushbu oʻquv yilida oliy taʼlim dargohlarining kunduzgi boʻlimlariga bunday qizlarimiz uchun davlat granti asosida 940 ta qoʻshimcha oʻrin ajratildi.

Aziz vatandoshlar!

Hozirgi paytda dunyo miqyosida raqobat qanday keskin tus olib borayotganini hammamiz koʻrib turibmiz. Bu shiddatli raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqali munosib javob bera olamiz. Shuning uchun ham ushbu strategik vazifa bizning faoliyatimizda ustuvor yoʻnalishga aylanmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston olimlari fundamental fan va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator yutuqlarni qoʻlga kiritmoqdalar. Xususan, matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, farmatsevtika, geologiya, seysmologiya va boshqa sohalarda jiddiy amaliy natijalarga erishilmoqda. Matematika, kimyo, biologiya fanlarini rivojlantirish va ularni oʻqitish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Oʻylaymanki, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etganimiz matematika sohasida yosh iqtidor egalarini ragʻbatlantirishda yana bir muhim omil boʻladi.

Maʼlumki, har qanday mustaqil davlat mustahkam maʼnaviy poydevorga ega boʻlgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi.

Shu maqsadda biz “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumtaʼlim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanini joriy etmoqdamiz.

Milliy davlatchiligimiz va oʻzligimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni rivojlantirish bu borada eng muhim yoʻnalish boʻlib qoladi. Xudo xohlasa, bu yil 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kunini butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlaymiz.

Keyingi paytda qabul qilingan farmon va qarorlar asosida madaniyatimiz va sanʼatimiz rivoji yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohalar rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Ushbu betakror majmua xalqimizning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini namoyon etadi. Yaqinda Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasida boshlagan saʼy-harakatlarimiz ham mana shu xayrli ishlarning uzviy davomidir.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi sessiyasida Sud-huquq tizimida Oʻzbekiston erishayotgan amaliy natijalarning eʼtirof etilgani bu boradagi faoliyatimizga berilgan xolis bahodir.

Yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilindi.

Shu yil avgust oyida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlab Samarqand veb-forumi oʻtkazildi. U nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, jinoyatga oid qonunchilikni liberallashtirish, toʻgʻri yoʻldan adashgan insonlarni sogʻlom hayotga qaytarish yuzasidan ham tarixiy qadamlar tashlandi.

Soʻnggi paytda jazoni oʻtayotgan shaxslarga nisbatan afv instituti keng qoʻllanayotgani xalqimizga xos bagʻrikenglik va insonparvarlikning amaliy ifodasidir. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Mustaqillik bayrami arafasida yana bir Farmonga imzo chekdim. Unga koʻra, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan 73 nafar shaxs jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilinib, oʻz oilasi bagʻriga qaytarildi. Shuningdek, 40 nafar fuqaroning jazo muddatlari qisqartirildi.

Inson huquqlarining eng muhim sharti boʻlgan shaxsning fuqaroligini tiklash boʻyicha ham salmoqli qadamlar qoʻyildi. Koʻp yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan boʻlsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod kishiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.

Taraqqiyot kushandasi boʻlmish illat – korrupsiyaga qarshi mamlakatimizda keng koʻlamda kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz bu masalaning dolzarbligi va doimiy eʼtiborimizda boʻlishidan dalolat beradi.

Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.

Barchangiz xabardorsiz, hozirgi murakkab sharoitga qaramasdan, biz zimmamizga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni toʻliq bajarib kelmoqdamiz. Xorijiy sheriklarimiz bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, koronavirusga qarshi kurashda bizga amaliy koʻmak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga, shuningdek, Xitoy, Rossiya, AQSH, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Yaponiya va boshqa hamkor davlatlarga xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etaman.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlarga qoʻshma dastur va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida koʻrsatgan yordamlari uchun minnatdorlik bildiraman.

Ayni vaqtda bizni Mustaqillik bayrami bilan qutlayotgan barcha uzoq-yaqin davlatlarning xalqlariga, chet ellik doʻstlarimiz va hamkorlarimizga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugungi ogʻir vaziyat har birimizdan oʻz faoliyatimiz va masʼuliyatimizni yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.

Xalqimizda “Koʻz – qoʻrqoq, qoʻl – botir”, degan chuqur maʼnoli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning koʻzimiz ham, qoʻlimiz ham, yuragimiz ham botir boʻlishi kerak. Belimizni mahkam bogʻlab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, koʻzlagan marralarimizga erishamiz.

Muqaddas kitoblarda aytilganidek, har qanday qiyinchilik ortidan albatta bir yengillik keladi. Barchamiz bunga ishonamiz va qodir Ollohdan shuni soʻraymiz.

Hali koʻp Navroʻz va Hayit ayyomlarini, tarixiy sanalar va umumxalq bayramlarini hammamiz birgalikda shodu xurramlik bilan oʻtkazamiz, inshoolloh.

Mana, kelgusi yili davlatimiz mustaqilligiga oʻttiz yil toʻladi. Mamlakatimiz tarixidagi ushbu unutilmas shonli sanani har tomonlama munosib nishonlashni niyat qilganmiz. Ilohim, shu kunlarga sogʻ-omon, yorugʻ yuz bilan yetish hammamizga nasib etsin.

Maʼlumki, bugungi bayram arafasida turli soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning katta bir guruhi davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularning barchasini qizgʻin tabriklab, ijtimoiy faoliyatlari va shaxsiy hayotlarida yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, oʻz insoniy burchi va fuqarolik masʼuliyatini chuqur anglab, istiqlolimizni mustahkamlash uchun fidokorona mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarga, quruvchi va tadbirkorlarga, fermer va dehqonlarga, navqiron yoshlarimizga yana bir bor samimiy rahmat aytaman.

El-yurt manfaati yoʻlida oʻzini ayamasdan xizmat qilayotgan hurmatli deputatlar va senatorlarimizga, hokimiyat idoralari xodimlari va mahalla faollariga, harbiy libos kiygan oʻgʻlonlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarga, muhtaram nuroniylarimizga, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga chin qalbimdan tashakkur izhor etaman.

Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman.

Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi boʻlgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda oʻzining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat koʻrsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib taʼzim qilaman.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma toʻqqiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va omad yor boʻlsin!

Farzandlar, nabiralar kamolini koʻrib yurish hammamizga nasib etsin!

Goʻzal va betakror yurtimiz hamisha tinch va farovon boʻlsin!

Mehnatkash va olijanob, bagʻrikeng xalqimiz doimo sogʻ-omon boʻlsin!

Yaratganning oʻzi barchamizni panohida asrasin!

Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

 
O'zA
 
Tugmani bosing Tinglash