Bukvus
fbg_bg_bottom

Qadim Buxoroga sayohat

Kontaktlar

Ishonch telefonlari
Markaziy apparat :
0 (371) 230-83-09
+ 998(65) 223-81-58
Email:
info@buxstat.uz
buxstat@exat.uz
buxstat@umail.uz

Axborot xizmati
+ 998(65) 223-82-78
Email: info@buxstat.uz

Elektron hisobot bo'yicha
+ 998(65) 223-82-78
+ 998(65) 223-81-96
+ 998(65) 223-83-37

Texnik qo`llab-quvvatlash
Email: info@buxstat.uz




Vladimir Tyurdenev: Rossiya va O‘zbekiston o‘zaro ishonchli va manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda

O‘zbekiston va Rossiya strategik sheriklardir. Oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan uchrashuvlar davlatlararo munosabatlar yuksakligidan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi arafasida O‘zA muxbiri Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev bilan suhbatlashdi.

– Janob elchi, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlarni qanday baholaysiz? 

– O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi bugun mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida namoyon bo‘lmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil fevral oyida tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatni yanada rivojlantirishning istiqbollari belgilandi. Ma’lumki, ushbu hujjatni amalga oshirish maqsadida ijtimoiy hayotning turli sohalarini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va biznes muhitni takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 

Joriy yil O‘zbekistonda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Mamlakat Prezidentining, vazirlik va idoralarning virtual qabulxonalari tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrif buyurib, aholi bilan muloqot qilmoqda, joylardagi dolzarb masalalardan xabardor bo‘lmoqda. 

Tashqi siyosat haqida so‘z yuritilar ekan, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu, shubhasiz, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash va farovonlikni yuksaltirishga xizmat qiladi. 

– Joriy yilda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25-yil to‘ldi. Mamlakatlarimiz hamkorligi natijalari haqida so‘zlab bersangiz. Sizningcha, hamkorlik qaysi sohalarda jadal rivojlanmoqda? 

– Rossiya va O‘zbekiston 25-yildan buyon o‘zaro ishonchli va manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnik sohalardagi aloqalar do‘stlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash an’analari asosida yo‘lga qo‘yilgan. 

O‘tgan davrda Rossiya – O‘zbekiston munosabatlariga huquqiy zamin bo‘lgan davlatlararo munosabatlar, do‘stlik va hamkorlik asoslari (1992-yil), strategik sheriklik (2004-yil), ittifoqchilik munosabatlari (2005-yil) to‘g‘risidagi shartnomalar, xavfsizlik, savdo, madaniyat, migratsiya, jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa sohalarda ikki yuzdan ziyod ikki tomonlama hujjat imzolangan. Xalqaro maydonlarda, jumladan, BMT, ShHT, MDH doirasida amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Oliy darajadagi muloqotlar, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar muntazamlik kasb etgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarda ulkan voqea bo‘ldi. Tashrif chog‘ida umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, jumladan, mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat qilishga uyushgan holda jalb etish, migratsiya sohasida mutasaddi organlar vakolatxonalarini ta’sis etish, sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim va fan, turizm sohalarida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. 

Hamkorlikning muhim elementlaridan biri bo‘lgan savdo-iqtisodiy aloqalar ham jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida Rossiya statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizni tashkil qildi. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Rossiya – O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda va uning 18-majlisi shu yil 15-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda Rossiya investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan 900 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Rossiyada O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 500 korxona ishlab turibdi, yangi qo‘shma korxonalar tashkil qilinmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Rossiya investitsiyalari 6 milliard dollardan oshdi. 

Ikki mamlakatning madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2016-yil O‘zbekistonda Rossiya kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, ayni paytda Rossiyada O‘zbekiston kunlarini tashkil qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Rossiyaning taniqli san’atkorlari va badiiy jamoalarining konsertlari, Rossiya madaniyati va tarixining buyuk namoyandalariga bag‘ishlangan kechalar muntazam o‘tkazilmoqda. A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at davlat muzeyida o‘tkazilgan I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi fondining «Nukus durdonasi» ko‘rgazmasi Rossiya madaniy hayotida yorqin voqea bo‘ldi. Ta’lim sohasida ham hamkorlik faol rivojlanmoqda. Rossiyada o‘zbekistonlik 20 mingdan ziyod talaba ta’lim olmoqda. O‘zbekistonlik yoshlarning Rossiya oliy o‘quv yurtlarining Toshkentdagi filiallarida o‘qishga qiziqishi katta. 

– Sizningcha, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz hamkorligida qanday yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi? 

– O‘zbekiston Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar samarasida ko‘plab yo‘nalishlardagi hamkorlik yanada faollashdi. 

O‘zaro savdo va investitsiyaviy hamkorligini diversifikatsiyalash, yoqilg‘i-energetika sohasida ko‘plab yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Avtomobilsozlik, dastgohsozlik, fuqaro aviatsiyasi va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda. 

Sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar ham mustahkamlanmoqda. Rossiya va O‘zbekistonning yirik tibbiyot markazlari o‘rtasida, jumladan, A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy ilmiy-amaliy markazi, N.Burdenko nomidagi neyrojarrohlik milliy ilmiy-amaliy markazi, N.Sklifosofskiy nomidagi tez yordam ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikka oid o‘nga yaqin hujjat imzolandi. 

Hududlararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risida hukumatlararo bitimga muvofiq Rossiya subyektlari va O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy birliklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda Toshkent viloyati delegatsiyasi Leningrad viloyati va Sankt-Peterburg shahri, Andijon viloyati vakillari Novosibirsk viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi, Namangan viloyati delegatsiyasi Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlari, Samarqand viloyati vakillari Tatariston Respublikasi va Boshqirdiston Respublikasida bo‘ldi. Novosibirsk viloyati gubernatori V.Gorodetskiy rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Bu borada yana qator tadbirlar rejalashtirilgan. 

– Toshkentda shu yil sentabr oyida II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o‘tkaziladi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati salohiyatini, ushbu sohada mamlakatlarimiz hamkorligini kengaytirish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? 

– O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 

Joriy yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish 2016-yilning shu davriga nisbatan 9 foizga o‘sdi. Umumiy qiymati 612 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha yigirmadan ortiq shartnoma tuzilgan. 

Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida tovar ayirboshlash va transport vositalari harakatida bojxona operatsiyalarini amalga oshirish tartibi, fitosanitariya nazorati («yashil yo‘lak») tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan bitimlar imzolangan. 

Ayni paytda II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida qatnashish uchun Rossiyaning yirik riteylerlaridan iborat biznes missiyani tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklayman. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik yanada mustahkamlanishini tilayman. 

UzA

eStat 2.0.1.0
(27.06.2017)

Yangiliklar taqvimi

Du
Se
Ch
Pa
Ju
Sh
Ya
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
16
24
25
26
27
28
29
30
 
Iyul 2017
 

Sayt statistikasi

  • Sayt ko'rildi: 1840583
  • Foydalanuvchilar: 3

Yangiliklarga obuna bo'lish

Onlayn so'rovlar

Davlat xizmatlarini qanday ko'rinishda qabul qilishni hohlaysiz ?
Jo‘natish uchun belgilangan matn:
Siz "Jo‘natish" tugmasi orqali xatolik haqidagi ma‘lumotni jo‘natishingiz yoki xato haqida qo‘shimcha izoh kiritishingiz mumkin.