Bukvus
fbg_bg_bottom

Qadim Buxoroga sayohat

Kontaktlar

Ishonch telefonlari
Markaziy apparat :
0 (371) 230-83-09
+ 998(65) 223-81-58
Email:
info@buxstat.uz
buxstat@exat.uz
buxstat@umail.uz

Axborot xizmati
+ 998(65) 223-82-78
Email: info@buxstat.uz

Elektron hisobot bo'yicha
+ 998(65) 223-82-78
+ 998(65) 223-81-96
+ 998(65) 223-83-37

Texnik qo`llab-quvvatlash
Email: info@buxstat.uz




O‘ZBЕKISTON YOSHLARIGA BAYRAM TABRIGI

O‘ZBЕKISTON YOSHLARIGA BAYRAM TABRIGI

Qadrli yoshlar, aziz o‘g‘il-qizlarim! 

Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda birinchi marta nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Mana shunday quvonchli kunda, avvalo, yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, o‘g‘il-qizlarimizning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlodimizning munosib ishtirok etayotganini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. 

Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish biz olib borayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. 

O‘tgan bir yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. 

Ayniqsa, sizlarning tashabbusingiz bilan bundan bir yil muqaddam O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani yoshlarimiz, butun el-yurtimiz hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. 

Albatta, bir yil – tarix uchun juda qisqa fursat. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qiladigan muhim ijtimoiy tuzilmaga aylandi. 

Shu asosda yosh avlodimizning grajdanlik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning munosib a’zolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylanib bormoqda. 

Buning amaliy tasdig‘ini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. Xususan, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shug‘ullanishlari uchun kreditlar ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi, ularni sog‘lomlashtirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda. 

Faqat bir yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 4 ming 300 ga yaqin yigit-qizlarimizga banklar tomonidan 216 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berilgani, 184 ming 300 dan ziyod farzandlarimiz ish bilan ta’minlangani e’tiborga loyiq. 

Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy an’anaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan ko‘pgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yo‘llanmalar berilmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, uni innovatsion asosda rivojlantirish, o‘z oldimizga qo‘ygan ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirish maqsadida biz zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, g‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar yosh kadrlarga davlat va jamiyat boshqaruvida muhim vazifalarni ishonib topshirmoqdamiz. 

Bu borada yosh, istiqbolli kadrlar uchun tajriba va mahorat maktabini o‘tayotgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi saflarida toblangan, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga, yetakchilik salohiyatiga ega bo‘lgan ko‘plab yoshlar vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va banklar, xo‘jalik birlashmalariga mas’ul lavozimlarga tayinlanayotgani hayotimizga yangicha ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. 

Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Aqlli shahar” kabi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishda aynan ana shunday tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi. 

Ishonaman, bunday ulkan bunyodkorlik jarayonlari yoshlarimiz ilgari surayotgan loyiha va tashabbuslarni yuzaga chiqarishda, ularning el-yurtimizga fidoyi rahbar va mutaxassis, haqiqiy shaxs va grajdan bo‘lib shakllanishida beqiyos o‘rin tutadi. 

Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda o‘z mehnati, tashabbuskorligi va ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘layotgan azmu shijoatli yoshlarimiz uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etganimiz va bugun sizlarning orangizda shu mukofotlarning ilk sovrindorlari borligi barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. 

O‘tgan bir yil mobaynida o‘g‘il-qizlarimizdan 266 nafari respublika, 80 nafari xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lgani, sportchilarimizdan 12 nafari jahon, 93 nafari Osiyo chempionatlarida, 150 nafardan ziyodi xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilganini ana shunday ezgu ishlarimizning dastlabki natijalari sifatida qabul qilamiz. 

Yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun ta’lim-tarbiya sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarining zamonaviy tizimi yaratilmoqda, umumta’lim maktablarida 11 yillik ta’lim joriy etilmoqda. Oliy ta’lim tizimida yangi, zamonaviy bilim maskanlari, jumladan, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, soha faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. 

Yurtimizda Temurbeklar harbiy litseylari, Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek maktablari, atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari tashkil etilgani unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. 

Biz bu boradagi ishlarni kelgusida ham albatta izchil davom ettiramiz. Xususan, iqtidorli yoshlarimizni dunyoning eng yetakchi universitetlari, ilmiy markazlarida davlat homiyligida o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha samarali tizim yaratish – oldimizda turgan muhim vazifadir. 

Yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham biz uchun eng muhim va ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda. Bu borada mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Yoshlar uylarini barpo etish dasturi hayotga izchil joriy etilayotganini ta’kidlash lozim. 

Qadrli o‘g‘il-qizlarim! 

Bugungi bayram kunida barchamizning umid va ishonchimiz bo‘lgan siz, aziz yoshlarning erishgan yutuqlaringiz bilan birga yangi vazifalar, yechimini kutib turgan kamchilik va muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari haqida so‘z yuritishimiz tabiiydir. 

Bu haqda gapirganda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining navqiron yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, farzandlarimiz o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlash lozim. 

Afsuski, yoshlarimiz hayotidagi katta-kichik har bir muammoga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topish, yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yo‘q. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz barchamiz endigina bir yillik shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tezroq ulg‘ayishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida, yoshlarimiz hayotida o‘zining mustahkam va munosib o‘rnini topishini istaymiz va buning uchun zarur amaliy yordam berishga tayyormiz. 

Balki bugungi quvonchli ayyomda bunday noxush holatlarni eslash joiz emasdir. Lekin biz o‘z faoliyatimizni tanqidiy baholab, muammolarimizni o‘zimiz bartaraf etmasak, hech kim chetdan kelib ularni biz uchun hal qilib bermaydi. 

Yoshlarimizning hayotiy muammolariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, ularga mos bo‘lgan zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham barcha darajadagi davlat idoralarining eng asosiy, hal qiluvchi vazifasi bo‘lib qoladi. 

Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun Yoshlar tadbirkorligi hududlari, Toshkent shahrida Yoshlar innovatsion texnoparkini tashkil etish, shuningdek, Fanlar akademiyasiga qarashli ilmiy laboratoriyalar va markazlar negizida yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlarini yo‘lga qo‘yish kabi ishlarni sizlarning faol ishtirokingiz bilan yaqin kelajakda amalga oshiramiz. 

Kuni kecha qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan maxsus jamg‘arma mamlakatimiz iqtisodiyotida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, yoshlarni bu jarayonga keng jalb etishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. 

Muhtaram yurtdoshlar! 

Bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakatimiz tomonidan bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturini qabul qilish va amalga oshirish borasidagi takliflarimiz xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Hammamiz ko‘rib, kuzatib turibmiz – bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochish bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor etmoqda. 

Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar qancha-qancha oilalar, mamlakatlar boshiga og‘ir kulfatlar olib kelmoqda, g‘arazli kuchlar hali ongu tafakkuri to‘la shakllanib ulgurmagan bolalarni o‘z ota-onasi, Vataniga qarshi qo‘yib, ularning hayotiga zomin bo‘lmoqda. 

Shuning uchun biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirib, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, bu dunyo haqiqatan ham kurash maydoniga, sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq esa bu kurashning quroliga aylanib borayotganini chuqur anglab, shu borada jaholatga qarshi ma’rifat asosida ish olib borishimiz zarur. 

Xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik va olijanoblik fazilatlaridan kelib chiqib, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan yoshlarni kechirish va tinch hayotga qaytarishga yurtimizda katta e’tibor qaratilmoqda. 

Ana shunday amaliy ishlarimiz tufayli yuzlab yoshlar – O‘zbekiston fuqarolari ota-onasi, oilasi bag‘riga qaytgani jamiyatimizda sog‘lom ijtimoiy muhitni, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. 

Hurmatli do‘stlar! 

Biz – barchamiz, qayerda bo‘lmaylik, yagona O‘zbekiston farzandlari ekanimizni anglab, shu buyuk tuyg‘uni e’zozlab yashasak, albatta kam bo‘lmaymiz. 

Shuning uchun biz chet ellarda turli sohalarda jiddiy yutuqlarga erishgan vatandoshlarimiz tashabbusi bilan “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tuzilganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Xorijiy davlatlarda o‘qib, mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning bilimi va imkoniyatlarini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirish biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga to‘la javob beradi. 

Ayni vaqtda O‘zbekiston yoshlarining zamon bilan hamnafas bo‘lib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlaridagi tengdoshlari bilan samarali muloqot, do‘stlik va hamkorlik munosabatlari o‘rnatishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz. 

Shu kunlarda yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo yoshlari forumi ana shunday keng miqyosdagi muloqot yo‘lida dastlabki jiddiy qadamdir. 

Aziz yoshlar, qadrli farzandlarim! 

Mana shu quvonchli kunda sizlarni, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini ishontirib aytmoqchiman: biz yoshlarga doir davlat siyosatini hech og‘ishmasdan, qat’iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni ustuvor vazifa sifatida bugun davr talab qilayotgan yuksak darajaga ko‘taramiz. Sizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda o‘z mustahkam o‘rningizni topishingiz, baxtli bo‘lishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz. 

Siz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizdan faqat bitta iltimosimiz, bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hormang, charchamang! 

O‘qish-o‘rganish, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashash doimo hamrohingiz bo‘lsin! 

Men sizlarning har biringizga el-yurtimiz faxrlanadigan, jonajon O‘zbekistonimizning munosib farzandi, haqiqiy inson bo‘lish baxti nasib etishini tilayman. 

Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi yutuqlar, baxt va omad tilayman. 

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz farzandlarim! 

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

UzA

eStat 2.0.1.1
(19.04.2018)

Yangiliklar taqvimi

Du
Se
Ch
Pa
Ju
Sh
Ya
1
9
10
11
12
13
14
15
16
17
18
19
20
21
22
23
24
25
26
27
28
29
30
31
 
Iyul 2018
 

Sayt statistikasi

  • Sayt ko'rildi: 1829748
  • Foydalanuvchilar: 3

Yangiliklarga obuna bo'lish

Onlayn so'rovlar

Davlat xizmatlarini qanday ko'rinishda qabul qilishni hohlaysiz ?
Jo‘natish uchun belgilangan matn:
Siz "Jo‘natish" tugmasi orqali xatolik haqidagi ma‘lumotni jo‘natishingiz yoki xato haqida qo‘shimcha izoh kiritishingiz mumkin.