Bukvus
fbg_bg_bottom

Qadim Buxoroga sayohat

Kontaktlar

Ishonch telefonlari
Markaziy apparat :
0 (371) 230-83-09
+ 998(65) 223-81-58
Email:
info@buxstat.uz
buxstat@exat.uz
buxstat@umail.uz

Axborot xizmati
+ 998(65) 223-82-78
Email: info@buxstat.uz

Elektron hisobot bo'yicha
+ 998(65) 223-82-78
+ 998(65) 223-81-96
+ 998(65) 223-83-37

Texnik qo`llab-quvvatlash
Email: info@buxstat.uz




Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 9-oktabrdagi PF–5199-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida: 

1. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin: 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish; 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotish ishlarida, shu jumladan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda hamda shartnomalar tuzishda, mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilishda har tomonlama ko‘maklashish; 

qishloq xo‘jaligida shartnoma intizomini mustahkamlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalarining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, agrar sohada mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda samarali faoliyat yuritayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini rag‘batlantirish, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan yer egalariga nisbatan jamoatchilik yo‘li bilan ta’sir choralarini ko‘rish; 

sohada zamonaviy resurstejovchi ilg‘or agrotexnologiyalarni, muqobil energiya vositalarini, shuningdek innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga ko‘maklashish; 

ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda bevosita ishtirok etish; 

chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa sohalarga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan namunaviy fermer xo‘jaliklarining tajribalarini keng ommalashtirish; 

qishloq xo‘jaligida huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, agrotexnik hamda boshqa masalalar bo‘yicha konsalting xizmatini, shuningdek mahsulotni ishlab chiqarish, xarid qilish, qayta ishlash, sotish, ta’minot va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining boshqa tashkilotlar bilan kooperatsiyasining turli shakllarini tashkil etish va kengaytirish, bu sohada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish; 

qishloq joylarda aholining dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanish, shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlarini olib borish. 

2. Quyidagilar: 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ijro apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari ijro apparatlarining namunaviy tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga muvofiq; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan hududlar va tumanlar ro‘yxatlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq ma’qullansin. 

3. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga quyidagi huquqlar berilsin: 

xalq deputatlari tuman Kengashlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yig‘ilishlarida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini muhokama qilishda ishtirok etish va o‘z xulosasini taqdim etish; 

fermer xo‘jaligini tashkil etish istagini bildirgan talabgorlarni tanlash, ularning zaxirasini shakllantirish, malakasini oshirib borish va ular orasidan munosib nomzodlarni yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasiga tavsiya qilish; 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda yoshlarga fermer va dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari ajratish haqida yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasiga tavsiyalar berish; 

fermer va dehqon xo‘jaliklarini yuritish uchun yer uchastkalarini ajratish yuzasidan yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasiga xulosalar kiritish; 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish; 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur ma’lumotlar, hujjatlar va materiallarni so‘rab olish. 

4. Belgilansinki: 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari 
va qonuniy manfaatlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari 
va tomorqa yer egalari kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) bilan kelishilishi shart; 

Kengash raisi lavozimi bo‘yicha “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki kengashining tarkibiga kiritiladi; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raislari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat va tuman hokimlarining fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi hamda maqomi bo‘yicha ularning o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi. 

5. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga kompleks xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilsin. 

Markazlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan huquqiy, iqtisodiy, texnologik sohalarda maslahatlar berish, biznes-rejalar tuzishda ko‘maklashish; 

ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda realizatsiya qilishda vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish; 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida zarur moddiy resurslar, urug‘ va ko‘chatlar, taralar, texnika va boshqa vositalarni yetkazib berish; 

bank kreditlari, xalqaro va xorijiy moliyaviy tashkilotlarning kredit va grantlarini jalb qilish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish; 

qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha belgilangan tartibda qayta tayyorlash, malaka oshirish o‘quv va amaliy kurslarini tashkil etish; 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, eksport qilish va xizmat ko‘rsatishda kooperatsiya munosabatlarini tashkil qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish. 

6. Belgilab qo‘yilsinki: 

barcha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarida ularning takliflarini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha prognoz hajmlar belgilanadi; 

har yili 1-fevralgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, hududdagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini xatlovdan o‘tkazadi, ularda yil davomida ekiladigan ekin turlari va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini oila ehtiyoji va sotish uchun mo‘ljallangan qismlarga ajratgan holda aniqlaydi, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishi, ekinlarning to‘liq va sifatli ekilishi, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi; 

yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qo‘llaniladi; 

dehqon xo‘jaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yer egalarining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi. 

7. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin. 

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda: 

har yili keyingi yil hosili uchun ekin ekishdan bir oy oldin fermer xo‘jaliklari kesimida, konturlar va ekin turlari bo‘yicha, tuproq, iqlim, suv sharoitidan kelib chiqib, kamida ikki marta hosil olinishini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilishini ta’minlasin; 

har yili 15-fevralgacha barcha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalari kesimida yetishtiriladigan mahsulotlarning prognoz hajmlarini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qarorlari asosida tasdiqlanishini tashkil etsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi Kengash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda: 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ulgurji iste’molchilar, shu jumladan tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi tashkilotlar, agrofirmalar, savdo xarid korxonalari bilan mahsulot yetkazib berish to‘g‘risida, bozor ma’muriyati bilan esa yetishtirilgan mahsulotni bevosita bozorda chakana sotish to‘g‘risida shartnomalar tuzilishini tizimli ravishda tashkil etsin; 

qishloq xo‘jaligi ekinlarining to‘liq va sifatli ekilishini, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini zamonaviy o‘lchov vositalari, shu jumladan uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalangan holda doimiy monitoring qilib borsin; 

yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralari ko‘rilishini ta’minlasin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari bilan ulgurji iste’molchilar, shu jumladan tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi tashkilotlar, agrofirmalar, savdo xarid korxonalari o‘rtasida shartnomalar tuzish va bajarishda qonunchilikka rioya qilinishi, shartnoma intizomini buzganligi uchun taraflarning javobgarlikka tortilishi ustidan tizimli nazorat olib borsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

2017-yilning 1-noyabridan boshlab fermer xo‘jaliklari tomonidan Kengashga a’zolik badallari to‘lash uchun har yili paxta xom ashyosi xarid narxini o‘rnatishda 0,8 foiz miqdordagi mablag‘larni nazarda tutsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi bilan birgalikda Jamg‘armaning har yilda shakllanadigan balansida alohida bandda mazkur mablag‘larni oyma-oy aks ettirsin; 

Markaziy bank, Kengash, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda fermer xo‘jaliklarining a’zolik badalini Kengashga o‘tkazish va tasdiqlanadigan smeta asosida xarajat qilish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining agrosanoat kompleksiga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosariga qishloq xo‘jaligida to‘lov intizomini mustahkamlash, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yuzasidan aniq choralar ko‘rish vazifasi yuklatilsin. 

13. Kengash Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 4-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Kengashga ajratilgan binoni ta’mirlash va jihozlash manbalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarini zarur binolar bilan ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q.Davletov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV 
Toshkent shahri, 2017-yil 10-oktabr 
 

 

* * *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH 

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining asosiy qismi – fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari faoliyatini chuqur tahlil qilish asosida ushbu sohada o‘z yechimini kutib turgan masalalarni bugungi kun nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish va hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 9-oktabrdagi PF–5199-son Farmoni qabul qilindi. 

Ushbu Farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Mazkur Farmon ijrosini to‘liq va sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2017-yili 22-sentyabr kuni o‘tkazilgan ta’sis konferensiyasida belgilangan asosiy vazifalar va faoliyat yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi. 

Tashkil etilgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining samarali faoliyat olib borishini ta’minlash, yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini muhokama qilishda, yer uchastkalarini ajratish bilan bog‘liq masalalarda ishtirok etish bilan bog‘liq bir qator huquqlar berildi. 

Ta’kidlash lozimki, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan davlat 
va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish tashkil etilgan kengashlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Ushbu vazifaning sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga bir qator vakolatlar ham berildi. 

Xususan, qarorda: 

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari 
va qonuniy manfaatlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilishi shartligi; 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi lavozimi bo‘yicha “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki kengashining tarkibiga kiritilishi; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raislari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat va tuman hokimlarining fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanishi hamda maqomi bo‘yicha ularning o‘rinbosarlariga tenglashtirilishi belgilab qo‘yildi. 

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini tashkiliy va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishida ko‘maklashish maqsadida tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga kompleks xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi. 

Qaror bilan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi. Chora-tadbirlar dasturida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning moliyaviy barqarorligini, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha 34ta muhim huquqiy, tashkiliy va boshqa tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. 

Qarorda qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, fermer, dehqonlarning hamda tomorqa 
yer egalarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha yangicha tartib joriy etildi. Unga ko‘ra: 

barcha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarida ularning takliflarini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha prognoz hajmlar belgilanadi; 

har yili 1-fevralgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, hududdagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini xatlovdan o‘tkazadi, ularda yil davomida ekiladigan ekin turlari va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini oila ehtiyoji va sotish uchun mo‘ljallangan qismlarga ajratgan holda aniqlaydi, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishi, ekinlarning to‘liq va sifatli ekilishi, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi. 

Qarorda belgilab qo‘yilganidek: 

yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qo‘llaniladi; 

dehqon xo‘jaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yer egalarining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi. 

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilash hamda ularning javobgarligini kuchaytirish maqsadida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda bir qator tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklatildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi faoliyatini moliyaviy jihatdan ta’minlash, unga har tomonlama yordam berish maqsadida Moliya vazirligi 2017-yilning 1-noyabridan boshlab fermer xo‘jaliklari tomonidan Kengashga a’zolik badali to‘lash uchun har yili paxta xom ashyosi xarid narxini o‘rnatishda 0,8 foiz miqdordagi mablag‘larni nazarda tutishi belgilab qo‘yildi. 

Mazkur qarorning qabul qilinishi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda ekin maydonlaridan oqilona foydalanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

UzA

eStat 2.0.1.0
(27.06.2017)

Yangiliklar taqvimi

Du
Se
Ch
Pa
Ju
Sh
Ya
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
30
31
 
Oktabr 2017
 

Sayt statistikasi

  • Sayt ko'rildi: 1840541
  • Foydalanuvchilar: 3

Yangiliklarga obuna bo'lish

Onlayn so'rovlar

Davlat xizmatlarini qanday ko'rinishda qabul qilishni hohlaysiz ?
Jo‘natish uchun belgilangan matn:
Siz "Jo‘natish" tugmasi orqali xatolik haqidagi ma‘lumotni jo‘natishingiz yoki xato haqida qo‘shimcha izoh kiritishingiz mumkin.