“Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borki, Kaʼba vayron o‘lsa, obod aylagay !”
Buyuk mutafakkir, so‘z mulkinig sultoni, hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub bu hikmat bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan, taʼbir joiz bo‘lsa, hayot haqiqatidir. Bu tamoyilga amal qilingani holda kuni kecha Shofirkon tumanida ham moddiy-maʼnaviy madadga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi.
Xalqimizga xos insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida “Mahalla” xayriya jamoat fondi, qolaversa, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati hisobidan pandemiya hukm surayotgan sinovli kunlarda og‘ir sharoitga tushib qolgan yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam taʼminlangan jami 140 ta xonadonga 8 turdagi oziq-ovqat mahsuloti eltib berildi.
— Bu o‘rinda gap berilgan mahsulotda emas, muhtoj odamga ko‘rsatilgan mehr-muruvvatdadir, – deydi “Jo‘ynav” MFY da yashovchi Bibirajab Oripova. — Bu g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Barcha yaxshi odamlarga rahmat!
Shuningdek, qishki mavsumda havo haroratinig keskin tushgani, aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tuman hokimligi saʼy-harakati bilan “Avtomobil yo‘llaridan foydalanish” davlat unitar korxonasida ko‘mir bazasi tashkil qilindi. Ana shu yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, birinchi sektorga qarashli hudud — “Talisafed”, “Iskogare”, “Jo‘ynav” MFY lar arzonlashtirilgan narxdagi ko‘mir yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Bunda ko‘mirning har kilogrami 300 so‘m qilib belgilangani mahalliy aholi uchun ayni muddaodir. Shu kuni sotuvga chiqarilgan zarur yoqilg‘ining 14 tonnasi aholi xonadonlariga kiritilgani fikrimiz dalili.
Faqat shugina emas. Sharof Rashidov MFY da istiqomat qiluvchi Xursandoy Murodovani ham kunlarning keskin sovib ketgani tashvishga solib qo‘ygandi. Oila boquvchisining vafotidan keyin uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi o‘zining yelkasida qolgan X.Murodova ikki norasida farzandini qishning qahratonidan eson-omon o‘tib olishi kerak. G‘amlab qo‘ygan o‘tini esa bu ahvolda ko‘pga bormasligini o‘ylab, tashvishga tushardi. Nihoyat, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalar qatorida boquvchisidan ayrilgan mazkur xonadonga ham “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amaliy yordam ko‘rsatildi.
— Bu g‘amxo‘rlik qishning izg‘irinida uyimizga quyosh haroratini olib kirgandek bo‘ldi, – deydi muruvvatdan minnatdor oila bekasi H. Murodova.
Muhimi, shu kuni “Temir daftar”ga kiritilgan va tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan oilalardan 348 tasiga qish ayozi, sovuq mavsumdan eson-omon o‘tib olishlari uchun 200 kilogramdan ko‘mir yoqilg‘isi beminnat tarqatildi. Umuman, shu kunga qadar tumandagi ehtiyojmand oilalarga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida yetkazib berilgan ko‘mir xom ashyosi miqdori 67 tonnaga yetgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati