Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Bobodehqonning yil bo'yi vaqt bilan hisoblashmay, kunni tunga ulab qilgan mehnati, chekkan zahmati hosilini ko'radigan palla ham yetib keldi.
Ha, g'alvirni suvdan ko'taradigan kunlarda ortga bir nazar solsak, bu yil viloyatimiz paxtakor mirishkorlari 106 ming gektar yerga baraka urug'ini qadab, 318 ming 300 tonnalik “oq oltin” xirmonini barpo etishni astoydil niyat qilishgan. Katta xirmonga taraddud qish chillasidan, vohamizning murakkab iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekin yerlari sho'rini yuvishdan boshlangan desak, mubolag'a emas. Erta bahorda chigitni yerga qadagan kundan e'tiboran yeng shimarib qattiq mehnatga kirishgan dehqon borki, bir tola paxtani ham nest-nobud qilmay, davlat shartnoma rejasini oshig'i bilan uddalab, ta'bir joiz bo'lsa, qo'li qadoq bo'lganiga yarasha pirovardida yuzi yorug' bo'lishini chin dildan istaydi. Qolaversa, keyingi yillarda yig'im-terimning otryad usuli qo'llanayotgani ham o'zini oqladi. Ayniqsa, bu yilda terib topshirilgan har kilogram paxta uchun birinchi terimda 800 so'm, ikkinchi terimda 1200 so'm haq berilishi terimda qatnashayotganlar moddiy manfaatdorligini va rag'batini oshirishi tayin.


Viloyatimizda qimmatbaho sanoat xom ashyosi yig'im-terimiga kirishish oldidan xatmi Qur'on qilib, nuroniylar duosini olish yaxshi an'anaga aylangan. Bu gal ham shu an'anaga sodiq qolingani holda 25 sentyabr kuni viloyat mutasaddilari, shahar va tumanlar hokimlari, qishloq xo'jaligiga daxldor tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, peshqadam fermer xo'jaliklari rahbarlari, jamoatchilik vakillari Bahouddin Naqshband majmuasida to'plandilar.

Viloyat hokimi O'ktam Barnoev yig'ilganlarni yig'im-terim mavsumi boshlangani bilan qutlar ekan, barcha tumanlardagi sektor rahbarlari, fermerlar, tuzilgan otryadlar, qabul qilish bilan bog'liq mas'ul xodimlar oldida turgan muhim vazifalar haqida qisqacha to'xtalib o'tdi.

Shundan so'ng islom olamining buyuk namoyondasi mangu qo'nim topgan muqaddas qadamjoda Qur'on tilovat qilinib, yig'ilganlar yurtimiz tinchligi, elimiz farovonligi, dehqonchiligimiz barokotini tilab duoga qo'l ochishdi.

Ko'pning duosi ko'l, deydilar. Nasib bo'lsa, bu yilgi paxta yig'im-terim mavsumi uyushqoqlik bilan qisqa muddatlarda o'tkaziladi. Bu boradagi reja va topshiriqlar uddalanishiga shubha yo'q.

Tugmani bosing Tinglash