Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Yirik tijorat yuridik shaxslar, ularning alohida bo‘linmalari (sug‘urta tashkilotlari, banklar, fermer xo‘jaliklaridan) tashqari 1-moliya shakli (oylik) hisobotini 18 oktyabr sanasidan kechiktirmasdan taqdim etishlari shart!

Korrupsiya – jahondagi har qanday davlatda fuqarolarning tinchligi va xotirjamligi, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazuvchi, inson huquqlari buzilishiga olib keluvchi, iqtisodiy bozor munosabatlariga to‘sqinlik qiladigan o‘ta xavfli illatlardan biridir. Ya’ni, jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanmas ekan, davlatning iqtisodiy, siyosiy salohiyati zaiflashadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kamsitiladi.

Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. E’tirof etish joizki, davlat soliq xizmati organlarida korrupsiya holatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda uning oldini olish, ushbu illatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etilishini hamda ijrosi monitoringini ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Joriy yil 4 yanvardan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi

Har bir qonun yaxshilikni ko‘zlab, ezgu maqsadda qabul qilinadi. Ayrim qonunlar o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra davlat va jamiyat taqdiri, xalq kelajagi, har birimizga daxldor bo‘ladi. Milliy parlamentimiz tomonidan qabul qilinib, 3 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.

6 bob va 34 moddadan iborat ushbu qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar va me’yorlar belgilangan.

Korrupsiya nima? Bu haqda hammaning o‘ziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Qonunda unga shunday ta’rif berilgan: «korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish».

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qonun bilan yaqindan tanishish, uning har bir moddasini chuqur o‘rganib, hayotimizga tatbiq etishga intilish, sodda qilib aytganda, korrupsiya balosining naqadar mudhish illat ekanini tushunish, mustaqil idrok etish, eng muhimi, unga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Dunyoda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda ko‘p. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. Turli ko‘rsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, o‘ziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar va izlanishlar izchil davom etmoqda.

Ijtimoiy-tarixiy vaziyat, fuqarolarning huquqiy dunyoqarashi, davlat tuzilishi, iqtisodiy rivojlanish omillaridan kelib chiqib, har bir davlat korrupsiyaga qarshi o‘ziga xos usullarda kurashmoqda. Bu borada eng samarali yo‘l hali topilgan emas. Chunki korrupsiya bir qarashda oddiy jinoyat bo‘lib ko‘ringani bilan aslida uning kelib chiqishi va yashovchanlik sabablari juda chigal va murakkabdir.

 Bir davlatda natija bergan usul boshqa davlatda u qadar samara ko‘rsatmasligi mumkin. Shuning uchun har bir davlat va jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lini o‘zi tanlaydi, aniqrog‘i, qanday yo‘l to‘g‘ri ekanini hayot ko‘rsatadi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari ko‘zda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas.

Korrupsiya so‘zi «sotish», «sotilish» degan ma’nolarni ham anglatar ekan. Rahbar yoki mas’ul kishi qanday qilib korrupsiyaga qo‘l uradi? Bunga qanday omillar sabab bo‘ladi?.. Bu savollarga javob har xil bo‘lishi mumkin. Lekin shunisi aniqki, sotadigan, sotiladigan odam hech bir vazifani ko‘ngildan bajarmaydi.

 Korrupsiyaga aloqador odam qonunni buzishidan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodi, ma’naviyati qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam nafaqat moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni, demokratiyani behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilmu hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplarini belgilashda bunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash masalasi qat’iy hisobga olingan.

Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qo‘l urgan odam uchun ulug‘ narsalar, mo‘tabar tuyg‘ularning qadri yo‘qoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb o‘ylaydi. Ular hech kimga, imon-e’tiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani inonib bo‘lmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, yoru birodarlari, mahalla-ko‘yning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.

Qonunga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilishi belgilangan. Ushbu komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi qayd etilgan. Bu me’yor korrupsiyaga qarshi kurashning doimiy va izchil tus olishida muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyamizga muvofiq Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir.

Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi. Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida qonun qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb o‘ylash, xotirjamlikka berilish katta xato bo‘ladi. Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz o‘ylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan o‘tkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak.

Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qo‘ydirish va hokazo vaziyatlarda o‘zimizni munosib tutishimiz lozim bo‘ladi.

To‘g‘ri, hayotda turli holatlar va harakatlarga duch kelamiz. Ba’zida ko‘z o‘ngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb belgilanishi, shu munosabat bilan joriy etilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar fuqarolar chorasiz qolganida yordamga keladi. Olis qishloqlardagi murojaatlarning ham ovozi eshitiladi.

Odamlarning tabiatiga o‘xshab rahbaru mas’ullar ham har xil bo‘ladi. «Jamoada hamma qulaylik o‘zim uchun, bu tashkilot menga bir paytlardagi xizmatlarim, farog‘atda yashamog‘im uchun berilgan, marhamat, qolganlar aravasini o‘zi amallab tortaversin» qabilida tor va eskicha o‘ylaydigan, «oldi-berdi»ni faoliyatining bir qismi deb tushunadigan, demokratik qonun-qoidalarni yetarlicha idrok eta olmaydigan rahbarlar ham yo‘q emas. Shuning uchun qonunda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish choralari ko‘zda tutilgan.

Qonunda belgilanganidek, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiyani kuchaytirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri ishlab, to‘g‘ri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan o‘rgangan odam mard va halol bo‘ladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib bo‘lmasligini o‘qib-uqqan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga, suiiste’molchilikka qarshi o‘zida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jur’atli, vijdonli inson bo‘lib yetishadi.Qonunga, tartib-qoidalarga hurmat saqlab, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli bo‘lmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi.

Bir yosh kadr mas’uliyatli vazifaga kelsa, amalga ega bo‘lsa, bundan ota-ona, qarindosh-urug‘ qanchalik quvonadi?.. Bu tabiiy va ezgu tuyg‘u, albatta. Lekin ba’zi noto‘g‘ri, zararli illatlar, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay yo‘l qo‘yib beriladigan odatlar ham borki, ularni aslo esdan chiqarmasligimiz kerak. Gohida shunday bo‘ladiki, yaqinlar, og‘a-inilarning «o‘g‘lim yoki og‘ayni, mana, ishlayapsanku, opangni uzatilayotgan qiziga durustroq sovg‘a bergin, amakingning yetmay turgan mashina puliga yordam qilib yuborgin, qiynalib yuribdi...» qabilidagi istak va xohishlar yosh kadrlarni buzadi, boshini aylantirib qo‘yadi. Yaqinlariga hurmat yuzasidan bechora o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urishga, noqonuniy ish qilishga, oson pul topishga harakat qiladi. Istab-istamay, boshi berk ko‘chaga kirib qoladi, korrupsiya tuzog‘iga ilinadi.

Qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilikdan davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solinmasligi kerak. Qandaydir manfaat ortidan bog‘langan rishta, do‘stlik, aka-ukachilik uzoqqa cho‘zilmaydi, hech kimga hurmat olib bermaydi. Bunga hayotdan ko‘plab misollar topish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda, davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda, fuqarolarga tezkor va xolis axborot yetkazishda ommaviy axborot vositalariga erkinlik berish, demokratik islohotlar jarayonida ularning nufuzi va mavqeini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish masalalari qonunda alohida belgilab qo‘yilgan.

Ommaviy axborot vositalarining erkin va dadil faoliyatisiz jamiyat hayotini demokratlashtirish, odamlarni mustaqil fikrlab yashashga undash, hozirgi kunda suv va havodek zarur bo‘lgan jamoatchilik nazoratini izchil yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Butun dunyoda davlatning demokratiyani hurmat qilishiga, xalqning salohiyati va madaniyatiga matbuot erkinligi, odilligiga qarab ham baho beriladi. Albatta, bugun bu haqiqatni ko‘pchiligimiz yaxshi tushunamiz va tan olamiz.

Shu o‘rinda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasining yana bir tomoniga e’tibor qaratsak. Nobop, «muomala qilish», «kelishish»ga moyil rahbar yoki boshqa bir mas’ul nafaqat tashkilotga, jamiyatga, ishchi-xodimlarga ziyon yetkazadi, balki bunday odam bilan tashkilotning, jamoaning, ayniqsa, yosh kadrlarning vaqti, umri behuda o‘tadi. Rahbar hammaga o‘rnak bo‘lib, halol ishlab, fidoyilik ko‘rsatish o‘rniga, yig‘ilishlarda bir gapni gapirib, o‘zi butunlay teskarisini qilsa, undan yosh kadrlar nimani o‘rganadi? Qanday o‘rnak oladi?.. Korrupsiyaga qarshi kurashish yana shunisi bilan muhimki, mazkur jarayonlarda ishchi-xodimlar, yoshlar halol ishlash, ishonch va vakolatga munosib xizmat bilan javob qaytarish zarur, degan tushunchaga tayanib faoliyat yuritishni o‘rganadi. Har qanday vaziyatda mard odam, baribir, halol bo‘ladi, degan e’tiqodda sobit turadi.

Shu sababli ham so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlar, kichik biznes subyektlariga «yagona darcha» tamoyili orqali xizmat ko‘rsatilyapti, yagona portal orqali davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etilyapti. Qonun hujjatlariga, davlat tashkilotlarining ish faoliyatiga ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash nuqtai nazaridan o‘zgartirishlar kiritilyapti va boshqa ko‘plab yangiliklar joriy qilinyapti. Bularning barchasi korrupsiya balosini bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bunday yondashuvni jon-dili bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Dunyo kun sayin, soat sayin rivojlanyapti. Davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikning tezkor, yangidan-yangi ufqlari ochilyapti, milliy iqtisodiyotlar o‘zaro chambarchas bog‘langan holda yuksalmoqda, taraqqiy etmoqda. Bugun har qanday davlat boshqa davlatlar bilan izchil hamkorlik qilmasdan, oqilona investitsiya va resurslarga tayanmasdan, jahonga chiqmasdan, ayni paytda dunyoga eshiklarini keng ochmasdan, odamlar bemalol ishlaydigan ishonchli makonga aylanmasdan yuqori natijalarga erisholmaydi.

Erkin faoliyat yuritishga keng yo‘l ochib berilgan, inson huquqlari, qonuniy manfaatlari qat’iy himoya qilinadigan mamlakatning ostonasidan odam arimaydi, bunday davlat dunyoning turli nuqtalaridan ishbilarmonlar talpinadigan yurtga aylanadi.

So‘nggi vaqtlarda jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarini yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar, Prezident qaror va farmonlari ana shu ezgu maqsadga qaratilganini anglash qiyin emas. Turizmni rivojlantirish, dunyoning ko‘plab davlatlaridan yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun viza rejimini bekor qilish yoki sud-huquq tizimini takomillashtirish, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yoxud tadbirkorlikka keng erkinlik berish, turli byurokratik to‘siq va g‘ovlarni yo‘q qilish haqidagi hamda boshqa bir qancha qaror va farmonlar odamlarning yo‘lini ochishga, O‘zbekistonimizning jozibasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun bu boradagi islohotlar yanada izchil tus olishiga sharoit yaratmoqda, xalqimizda katta umid uyg‘otmoqda.

Tugmani bosing Tinglash